Quruq yo‘talni yengillashtirishda chindan ham yordam beradigan 3 ta tavsiya

Quruq yo‘talni yengillashtirishda chindan ham yordam beradigan 3 ta tavsiya

Yo‘tal nafas olish tizimi kasalliklarida juda keng tarqalgan noxush belgidir. O‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan yo‘tal sababini aniqlash mushkul. Shu bois dastavval shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul. Ammo baʼzan buning iloji bo‘lmasligi ham mumkin. Bu holda yo‘talni qanday yengillashtirishni bilishingiz kerak.

Quruq yo‘talni yengillashtirishda chindan ham yordam beradigan 3 ta tavsiya

Uy sharoitida yo‘talni qanday yengillashtirish mumkin?

Yo‘tal — shilimshiq ajralma, balg‘am va patogenlardan xalos bo‘lishga yordam beradigan himoya mexanizmidir. Baʼzan u juda og‘riqli kechadi. Quruq yo‘tal esa nihoyatda noqulaylik keltirib chiqaradi, shuning uchun og‘iz va burunni tez-tez namlab turish tavsiya etiladi. Bemor quruq yo‘taldan aziyat chekmasligi uchun quyidagi xalqona usullardan foydalanish mumkin:

  • ko‘krak qafasini uqalash;
  • bug‘ ingalyatsiyasi;
  • dorivor o‘simliklardan tayyorlangan damlama va suyuqliklarni ko‘p ichish.

Ingalyatsiya ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerak. Qaynatilgan kartoshka, propolis, efir moyi yoki evkalipt barglaridan foydalanish kutilgan samara beradi. Suyuqlik yoki massa shilliq qavatlarni kuydirib qo‘ymasligi uchun haddan tashqari qaynoq bo‘lmasligi lozim. Ingalyatsiyani oddiy yoki tuzli suv bilan ham qilish mumkin.

Yo‘tal turlari

Yo‘talning ikki turi mavjud: quruq va nam. Quruq yo‘talda bemor ko‘proq aziyat chekadi. U ko‘krak qafasida og‘riq, terlash va tomoq og‘rig‘i bilan birga namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, bunday yo‘tal ko‘pincha uzoq davolanishni talab etadi. Nam yo‘tal, aksincha, bronxlardan balg‘am ajralishi tufayli tezroq tuzaladi.

Shuningdek, yo‘talning davomiyligi davriy va doimiydir. Davriy yo‘tal shamollash, bronxit, o‘tkir respirator infeksiyalar va boshqa shu kabi yuqumli kasalliklar uchun xosdir. Doimiy yo‘tal esa jiddiy kasallik alomati hisoblanadi.

Quruq yo‘talni yengillashtirishda chindan ham yordam beradigan 3 ta tavsiya

Kechasi quruq yo‘talni qanday yengillashtirsa bo‘ladi?

Oddiy usullar yordamida kechasi quruq yo‘tal xurujini to‘xtatish mumkin. Quyida eng samarali retseptlarni keltiramiz:

Kungaboqar yog‘idan suyuqlik. Tarkibi: 150 ml qaynoq suv, 2 osh qoshiq kungaboqar yog‘i, ozgina tuz. Tuz solmasangiz ham bo‘ladi, lekin ko‘pchilik bu suyuqlikning taʼmini xushlamaydi, aslida u bulyonga o‘xshaydi. Hammasini aralashtiring va ho‘plab-ho‘plab iching.

Gogol-mogol shirinligi. Tarkibi: bitta tuxum sarig‘i, 1 osh qoshiq suyultirilgan asal, 1 osh qoshiq eritilgan sariyog‘ va bir stakan sut. Birinchi bo‘lib tuxum sarig‘ini yaxshilab aralashtirib, unga sut qo‘shing va aralashtirishda davom eting. Keyin sariyog‘ va asal soling. Aralashmani qaynoq holda iching.

Zanjabil bilan asal. Zanjabil ildizining bir bo‘lagini maydalang. Bir stakan qaynagan suvga maydalangan zanjabil va biroz asal solib, aralashtirib iching.

“Yo‘tal tutishini kamaytirish uchun boshingiz orqasiga bir nechta yostiq qo‘yib yoting hamda xonada toza va nam havo almashib turishini taʼminlang”

Quruq yo‘talni yengillashtirishda chindan ham yordam beradigan 3 ta tavsiya

Yo‘tal tomoq og‘rig‘i bilan birga paydo bo‘lganda nima qilish kerak?

Bunday paytda burunni tuzli suv bilan chayib turish tavsiya etiladi. Tuzli suv burun bitishining oldini oladi va tomoqdagi virus yo‘qolishiga yordam beradi. Suyuqlik ichish rejimi ham muhim: ko‘p va tez-tez toza suv ichib turish kerak. Suyuqlik iliq bo‘lsin. Dorivor o‘simliklardan tayyorlangan damlamalar, asal qo‘shilgan sut ichish foydalidir. Xonadagi havo quruq bo‘lsa ham ko‘pincha tomoqda qichishish va yo‘talni keltirib chiqaradi. Namlagich qurilmasi bo‘lmasa, isitish radiatorlariga ho‘l sochiq yoyib qo‘yish kerak.

Shuni yodda tutish kerakki, yo‘tal kasallik emas, balki turli kasalliklar alomatidir. Shu bois yo‘talni va bemor ahvolini bir vaqtning o‘zida yengillashtirib, yo‘talning asl sababini bartaraf etish zarur.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.