O‘zbekistonda bu yil yoz o‘ta jazirama bo‘lishi mumkin

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026 yil yoz fasli beqaror va o‘rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi. Sinoptiklar prognozida aytilishicha, iyun oyining dastlabki kunlarida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
1–3 iyun kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi sekundiga 15–20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari 15–20 daraja, kunduz kunlari esa 30–35 daraja atrofida bo‘ladi.
Keyingi kunlarda harorat bosqichma-bosqich ko‘tarilib, oy oxiriga qadar kechalari 18–23 daraja, kunduz kunlari esa 34–39 darajagacha yetishi mumkin. Ayniqsa, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida ayrim kunlari havo harorati 40–42 darajagacha isishi prognoz qilinmoqda.
Bu yil yoz o‘ta issiq bo‘ladimi?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu savolga aniq javob berish hozircha qiyin. Biroq Amerika iqlim prognozlari markazining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil may oyida El-Nino hodisasining dastlabki belgilari kuzatilgan. Bu Tinch okeanida suv haroratining keskin ko‘tarilishi bilan bog‘liq bo‘lib, global havo harorati oshishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hozirda iqlim tizimi neytral deb baholanmoqda, ammo okean suvlari harorati tez sur’atlarda oshib borayotgani 2026 yil yozi issiq kelishi haqidagi prognozlarni kuchaytirmoqda.
O‘zgidromet dastlabki baholashiga ko‘ra, joriy yilda yozning o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi mumkin. Yoz mavsumi davomida ekstremal issiq kunlar kuzatilishi ehtimoli ham yuqori.
Xususan, yozning eng issiq kunlarida havo harorati 42–44 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 45–47 darajagacha ko‘tarilishi mumkinligi aytilmoqda.
Toshkent shahrida iyun oyida qayd etilgan mutlaq maksimal harorat 43 daraja bo‘lgan. O‘zbekiston bo‘yicha eng yuqori rekord ko‘rsatkich esa 1914 yil iyun oyida Termiz shahrida kuzatilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda havo harorati 49,6 darajaga yetgan.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yillikda respublika bo‘ylab iyun oyi harorati me’yordan o‘rtacha +1,3 darajadan +2,5 darajagacha yuqori bo‘lgani kuzatilgan.













