Hayit namozi sabab Toshkentda ko‘chalar vaqtincha yopiladi

Ertaga, 27 may kuni Toshkent shahridagi 119 ta masjidda Hayit namozlari ado etilishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Hayit namozini tartibli va yuqori saviyada o‘tkazish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 26 may soat 24:00 dan 27 may soat 08:00 ga qadar poytaxtning bir qator ko‘chalarida avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi.
Ushbu cheklovlar Mirzo Ulug‘bek, Bektemir, Olmazor, Shayxontohur, Chilonzor, Uchtepa, Yunusobod, Yakkasaroy, Sergeli, Yashnobod va Mirobod tumanlarida joylashgan yirik masjidlar atrofidagi asosiy yo‘llarda amal qiladi.
Xususan, “To‘rabuva”, “Xo‘tan”, “Alibek”, “Islomobod”, “Hazrati Imom”, “Do‘stjonboy”, “Shayx Zayniddin”, “Xo‘ja Alambardor”, “Ko‘k ota”, “Ubay ibn Ka’b”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Novza”, “Abdulloh ibn Mas’ud”, “Hazrati Ali”, “Minor”, “Mirzo Yusuf”, “Usmon bin Ma’zun”, “Nurul Islom”, “Islom ota” hamda “Qo‘yliq ota” masjidlari atrofidagi yo‘llar vaqtincha yopiladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora-tadbirlar Hayit namoziga keluvchi fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratish va transport oqimini tartibga solishga qaratilgan. Shu munosabat bilan haydovchilarga oldindan yo‘l harakati o‘zgarishlarini inobatga olish tavsiya etiladi.













