Toyota kompaniyasi 3100 dollar turadigan premium kompyuter kreslosini taqdim etdi

«Toyota» kompaniyasi o‘zining mashhur «Crown» avtomobillari o‘rindiqlari dizaynini to‘liq takrorlovchi yangi kompyuter kreslosini namoyish etdi. Mazkur mahsulotning narxi Yaponiya bozorida 495 000 iyen yoki taxminan 3 100 dollarni tashkil etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ko‘plab avtomobil interyerlarini ishlab chiquvchi «Toyota Boshoku» bo‘linmasi yangi kreslo uchun futuristik dizayn yaratib o‘tirmadi. Mutaxassislar «Crown» modelining old o‘rindiqlarini asos qilib olib, ushbu konstruksiya shundoq ham mukammal ekanini ta’kidlashgan.
Kreslo avtomobil o‘rindig‘iga xos deyarli barcha funksiyalarni o‘zida saqlab qolgan. Unda suyanchiq qiyaligini, balandlikni va bel qismini qo‘llab-quvvatlash tizimini elektr yordamida boshqarish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, o‘rindiq ventilyatsiya va isitish tizimlari bilan ham jihozlangan.
Qurilmaning eng o‘ziga xos jihati — unda xavfsizlik kamari qisqichining saqlab qolinganidir. Ushbu qisqich ichiga gadjetlarni quvvatlash uchun USB porti o‘rnatilgan.
Kompaniya kreslo akkumulyatorining quvvati qancha vaqtga yetishi haqida ma’lumot bermadi.
Eksklyuziv mahsulot cheklangan miqdorda chiqariladi. «Toyota» brendi ushbu qulay kompyuter kreslolaridan jami 70 dona ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Читайте «Zamin» в Telegram!