Buyuk Britaniya radiosi qirol vafoti haqida xato xabar berdi

Buyuk Britaniya radiosi qirol vafoti haqida xato xabar berdi

Buyuk Britaniyaning janubi va Midlend hududlarida efirga uzatiladigan Radio Caroline radiostansiyasi 19 may kuni kutilmagan xato bilan jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Radio o‘z efirida Britaniya qiroli Charlz III vafot etgani haqida noto‘g‘ri xabar berib yubordi.

Tinglovchilarning aytishicha, efirdagi dastur to‘satdan to‘xtatilgan. Shundan so‘ng boshlovchilar qirol Charlz III vafoti munosabati bilan ko‘rsatuv to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Keyin esa Britaniya davlat madhiyasi — “Xudoyim, qirolni asragin” ijro etilgan.

Madhiyadan keyin radio taxminan 15 daqiqa davomida jim qolgan. Keyin efirga qaytgan boshlovchilar sodir bo‘lgan holat uchun tinglovchilardan uzr so‘rashgan.

Keyinroq Radio Caroline alohida bayonot berib, voqea kompyuterdagi texnik xato sabab yuzaga kelganini ma’lum qildi. Radiostansiyaga ko‘ra, ushbu nosozlik tufayli Britaniya teleradiokompaniyalarida qo‘llaniladigan “Monarxning o‘limi” protokoli avtomatik tarzda ishga tushib ketgan.

Mazkur protokolga muvofiq, monarx vafoti e’lon qilinganidan keyin efir maxsus tartibda davom ettirilishi, ayrim hollarda esa vaqtincha sukut saqlanishi belgilangan. Aynan shu talablar bajarilgani xatoni tezroq payqash imkonini bergan.

Radiostansiya menejeri Piter Mur holat yuzasidan uzr so‘rab, Radio Caroline avval qirolichaning, hozir esa qirolning Rojdestvo murojaatlarini mamnuniyat bilan efirga uzatib kelganini ta’kidladi. U stansiya bu an’anani yana ko‘p yillar davom ettirishga umid qilishini bildirdi.

Qisqasi, Radio Caroline texnik xato sabab qirol Charlz III vafoti haqida noto‘g‘ri xabar berib yubordi. Efirdagi bu “protokoliy falokat” tezda to‘g‘rilandi, ammo tinglovchilar uchun 15 daqiqalik sukut ancha jiddiy shok bo‘lgani aniq.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.