Lionel Messi rasman milliarder futbolchilar safiga qo‘shildi

Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messining boyligi 1 milliard dollarga yetgani ma’lum qilindi. Bloomberg xabariga ko‘ra, uning daromadlari nafaqat futbolchilik faoliyati, balki reklama shartnomalari va investitsiyalar hisobiga ham oshgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Messi 2007 yildan buyon faqat maosh va bonuslar orqali 700 million dollardan ortiq daromad topgan. Shu tariqa, u Cristiano Ronaldodan keyin milliarder maqomiga erishgan ikkinchi futbolchiga aylandi.
Hozirda Messi AQShning Inter Miami CF klubida faoliyat yuritmoqda. Uning klubdagi yillik bazaviy maoshi 25 million dollar, umumiy kafolatlangan daromadi esa 28,3 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, futbolchining shartnomasida klub aksiyalariga egalik qilish hamda Apple va Adidas bilan hamkorlikdan tushadigan foydadan ulush olish bandlari ham mavjud. Messining yillik daromadi taxminan 130 million dollarga baholanmoqda.













