Selfi olishga uringan talaba qoya ustidan qulab halok bo‘ldi

Rossiyaning Irkutsk viloyatida yuz bergan fojeali hodisa tafsilotlari ma’lum qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 24 yoshli talaba qiz qoya ustida suratga tushmoqchi bo‘lgan paytda yiqilib halokatga uchragan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqea 2026 yil 24 may kuni Xolmushchino qishlog‘i yaqinidagi oq qoyalar hududida sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Qiz baland qoyaga chiqib, chiroyli manzara fonida selfi olishga harakat qilgan.
Biroq u turgan joydagi tuproq kutilmaganda o‘pirilib ketgan va natijada talaba qariyb 100 metr balandlikdan pastga qulab tushgan. Hodisa joyiga yetib kelganlar jabrlanuvchini zudlik bilan olib chiqib, tez tibbiy yordam mashinasiga joylashtirgan.
Afsuski, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida qiz hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mazkur fojea yuzasidan tegishli organlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, hodisaning aniq sabablari o‘rganilmoqda.
Mutaxassislar yoz mavsumida tog‘li hududlarga tashrif buyuruvchilar soni oshishini inobatga olib, dam oluvchilardan ehtiyotkorlikni kuchaytirishni, xavfli joylarda suratga tushishdan tiyilishni tavsiya qilmoqda.













