O‘zbekistonda alkogol savdosiga yangi qoida kiritiladi

O‘zbekistonda alkogol savdosiga yangi qoida kiritiladi

O‘zbekistonda kafe, restoran va mehmonxonalarda alkogol hamda tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 26 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda qayd etilishicha, umumiy ovqatlanish va mehmonxona sohasida bir qator yengilliklar joriy etish taklif qilingan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda sotishga ruxsat berish, QQS qaytarishda naqdsiz tushum ulushi bo‘yicha talablarni bekor qilish hamda xodimlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyektlarining rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin. Shu orqali soliq tizimi shaffoflashib, davlat budjetiga yiliga qo‘shimcha 2 trillion so‘mgacha tushum kirishi prognoz qilinmoqda.

Davlat rahbari mazkur takliflarni ma’qullab, tadbirkorlar uchun yanada qulay va adolatli sharoitlar yaratish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shuningdek, avval qabul qilingan qarorlarga ko‘ra, ayrim yirik to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, bu tizim moliyaviy oqimlarni shaffoflashtirishga xizmat qiladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Charos
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.