Bakalavriat bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi

Bakalavriat bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi
Prezidentning “Ta’lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilmoqda.

Loyiha ofisi 2024 yilda quyidagilarni amalga oshiradi:

— pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tahlil qilish;

— professional ta’limdan so‘ng oliy ta’limni davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, 3 yillik ta’lim dasturlari asosida amaliy bakalavriat bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

— ta’lim sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

Hujjatda 2024 yil 1 sentyabrgacha o‘quvchilar (talabalar)ning egallagan bilimini va pedagoglarning malakalarini baholash tizimi xalqaro tajribalar asosida takomillashtirilishi ham belgilab qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, 2024–2025 yillarda:
  • Professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori – Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga, ta’lim dasturlari esa – yangilangan kasbiy standartlar va malaka talablariga moslashtiriladi;
  • kamida 14 ta professional ta’lim muassasalarining faoliyatiga tajriba-sinov tariqasida xalqaro ta’lim dasturlari, kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga – zamonaviy boshqaruv usullari va ta’lim sifatining yuqori standartlari joriy qilinadi;
  • pedagogika, qishloq va suv xo‘jaligi, texnika, axborot texnologiyalari hamda iqtisodiyot sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.