Toshkentda o‘qituvchiga oid jinoyat ishi tugatildi


Toshkent shahrida o‘quvchini urgan o‘qituvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilgani ma’lum qilindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbari Ravshan Sultonxo‘jayev ishtirokidagi muhokama tadbirida rasman e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ishning yakuniy qarori o‘qib eshittirilgan. E’lon qilingan xabardan so‘ng zalda bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilar emotsional holatda qarsak chalib, ko‘z yoshlarini tiya olmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabda dars jarayonida o‘quvchini urganlik holati ortidan mazkur o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Bu voqea o‘sha paytda jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘quvchi dars intizomiga amal qilmagan, o‘qituvchining talab va ogohlantirishlariga bo‘ysunmagan. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik va janjal yuzaga kelgan.
Hozirda ushbu ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinib, ish yurituvi to‘xtatilgani bildirildi. Holat ta’lim tizimida intizom va pedagogik munosabatlar masalasi yana bir bor dolzarbligini ko‘rsatmoqda.













