So‘x aholisi yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinmoqda, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilmoqda

So‘x aholisi yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinmoqda, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilmoqda
Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida 2020 yilda jismoniy shaxslar yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida o‘z aksini topgan.

Shuningdek, joriy yil 1 avgustdan boshlab 2021 yil 31 iyulga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i amaldagi qat’iy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit foiz stavkasining 10 foizli punktidan yuqori bo‘lgan qismini, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdorini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etiladi.

Moliya vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda So‘x tumani aholisiga yangi uy-joy qurishlari uchun ipoteka kreditlari ajratilishini ta’minlaydi.

Prezident qaroriga ko‘ra, So‘x tumani hokimiga Farg‘ona viloyati hokimligi bilan kelishgan holda 2022 yil 1 yanvarga qadar tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar uchun, istisno tariqasida, sug‘oriladigan yer maydonlaridan tashqari yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish huquqi berilmoqda.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.