U-20 Osiyo chempionati. Kelasi yil O‘zbekistonga kimlar keladi?

U-20 Osiyo chempionati. Kelasi yil O‘zbekistonga kimlar keladi?
2023 yilning 1-18 mart kunlari O‘zbekiston yana bir katta musobaqaga mezbonlik qiladi. Bu 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib, U-20 Osiyo chempionati deyiladi. 10-18 sentabr kunlari Osiyoning 10ta davlatida mana shu musobaqaga saralash uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi va shundan so‘ng biz O‘zbekistonga tashrif buyuradigan 15ta terma jamoa nomini bilib olamiz.

O‘zbekiston mezbonlik qiladigan U-20 Osiyo chempionati shunisi bilan muhimki, bunda jahon chempionati yo‘llanmasi o‘ynaladi. Ya’ni, musobaqa davomida yarim finalga yo‘l olgan 4ta jamoa Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan U-20 Jahon chempionatiga yo‘l oladi. Jahon chempionati ham kelasi yil 20 may - 11 iyun oralig‘ida o‘tkaziladi.

Saralash qanday o‘tadi?

Ma’lumki, shu yilning 24 may kuni U-20 Osiyo chempionatining saralash o‘yinlariga qur’a tashlandi. Qur’a natijalariga ko‘ra, jamoalar 10ta guruhga bo‘lingan. O‘zbekiston U-20 terma jamoasi \"A\" guruhidan joy olgan bo‘lib, saralashda konkursdan tashqari ishtirok etadi. Ya’ni, biz mezbon hisoblanganimiz bois saralashdagi natijalarimiz hisobga o‘tmaydi.

Shu bois O‘FA U-20 terma jamoamizga tegmasdan saralashda U-19 terma jamoasining qatnashishini lozim topdi. Bu ham yaxshi albatta, chunki bir yosh kichik futbolchilar shu bahona tajriba to‘plab olishadi.

O‘zbekiston U-20 terma jamoasi (bosh murabbiy: Ravshan Haydarov) Urugvayda tashkil etilgan 4ta jamoa o‘rtasida xalqaro turnirda qatnashishni lozim topgan. Bu musobaqada biz Urugvay, Argentina va Braziliya bilan kuch sinashamiz. (Futbolchilarimiz Urugvayga qarshi maydonga tushib, 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi). Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan saralashga esa U-19 terma jamoasini Farhod Nishonov olib ketdi.

Demak, aytib o‘tganimizdek, saralash bosqichi 10ta guruhda olib boriladi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, guruh g‘oliblari hamda eng yaxshi 5ta ikkinchi o‘rin egalari (jami 15 jamoa) U-20 Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

\"A\" guruhi: Saudiya Arabistoni, Xitoy, Myanma, Maldiv, O‘zbekiston.
Saralash o‘yinlari mezboni: Saudiya Arabistoni

\"B\" guruhi: Qatar, Bahrayn, Bangladesh, Nepal, Butan
Saralash o‘yinlari mezboni: Bahrayn

\"C\" guruhi: Yaponiya, Yaman, Falastin, Laos, Guam.
Saralash o‘yinlari mezboni: Laos

\"D\" guruhi: Iordaniya, Xitoy Taypeyi, Suriya, Turkmaniston, Shimoliy Mariana orollari.
Saralash o‘yinlari mezboni: Iordaniya

\"E\" guruhi: Janubiy Koreya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Shri Lanka.
Saralash o‘yinlari mezboni: Mo‘g‘uliston.

\"F\" guruhi: Indoneziya, Vetnam, Gonkong, Timor-Leste.
Saralash o‘yinlari mezboni: Indoneziya

\"G\" guruhi: Tailand, Ummon, Filippin, Afg‘oniston.
Saralash o‘yinlari mezboni: Ummon.

\"H\" guruhi: Iroq, Hindiston, Quvayt.
Saralash o‘yinlari mezboni: hozircha aniq emas

\"I\" guruhi: Tojikiston, Kambodja, Livan, Singapur.
Saralash o‘yinlari mezboni: Tojikiston

\"J\" guruhi: BAA, Eron, Qirg‘iziston, Bruney.
Saralash o‘yinlari mezboni: Qirg‘iziston.

Saralash bosqichi barcha guruhlarda 10-18 sentabr oralig‘ida bo‘lib o‘tishi belgilab qo‘yilgan. Hozircha faqat \"H\" guruhi o‘yinlari qayerda o‘tkazilishi ma’lum emas. Avvaliga mezbon sifatida Iroq tanlangandi, biroq Avstraliya U-20 terma jamoasi siyosiy vaziyat sabab Iroqqa borishdan hamda saralashda qatnashishdan bosh tortdi. Natijada bu guruhda 3ta jamoa qoldi.
U-20 Osiyo chempionati. Kelasi yil O‘zbekistonga kimlar keladi?

O‘zbekiston U-19 qachon kim bilan o‘ynaydi?

Quyida O‘zbekiston U-19 terma jamoasining saralashdagi taqvimini keltirib o‘tamiz.

10 sentabr. O‘zbekiston - Maldiv
12 sentabr. O‘zbekiston - Myanma
14 sentabr. Saudiya Arabistoni - O‘zbekiston
16 sentabr. Xitoy - O‘zbekiston
Muallif: Xayrulla Xoliqov
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.