Abduqodir Husanovning o‘sishi katta e’tirof va yangi vazifalar oldida

Abduqodir Husanovning o‘sishi katta e’tirof va yangi vazifalar oldida

“Manchester Siti” safida o‘zini tobora ishonchli namoyon qilayotgan Abduqodir Husanov bugun jahon futbolida e’tibor markaziga chiqib bormoqda. Qisqa vaqt ichida Yevropaning eng talabchan chempionatlaridan biriga moslashish, “Siti”dek kuchli klubda asosiy himoyachilardan biriga aylanish har qanday futbolchi uchun katta natija hisoblanadi.

Professional faoliyatini 2022 yilda boshlagan o‘zbekistonlik himoyachi bor-yo‘g‘i bir necha yil ichida katta o‘sishga erishdi. 2025/2026 yilgi mavsum esa Abduqodir uchun haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi. U “Manchester Siti” bilan Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritib, ushbu mamlakatda sovrin yutgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga kirdi.

Mavsum boshida ko‘pchilik Husanovni zaxirada raqobat qiladigan yosh himoyachi sifatida ko‘rgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan u himoya chizig‘ining muhim va ishonchli figurasiga aylandi. Uning tezligi, shiddati, korpus bilan o‘ynashi, uzoq va qisqa paslardagi aniqligi, shuningdek, o‘yinni o‘qish qobiliyati mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Shu bilan birga, har qanday o‘sib borayotgan futbolchi kabi Husanovning ham yana ishlashi kerak bo‘lgan jihatlari bor. Tunislik skaut va futbol tahlilchisi Muhammad Fathalli X ijtimoiy tarmog‘ida Abduqodir yozgi mashg‘ulotlarda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan nuqtalar haqida fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, Husanov himoyaga qaytayotgan paytda ba’zan to‘pga ortiqcha e’tibor qaratadi. Shu sabab atrofdagi vaziyatni kechroq baholaydi, xavfni to‘liq ko‘ra olmay qoladi va ba’zan qaror qabul qilishda biroz kechikadi.

“Balkim, u hali ham bunday vaziyatlarni tuzatish uchun jismoniy kuchi va tezkorligiga haddan tashqari tayanayotgandir?” — deya yozdi Muhammad Fathalli.

Bu tanqid keskin emas, aksincha, o‘sish uchun berilgan professional ishora sifatida qabul qilinishi mumkin. Chunki Abduqodir hali 22 yoshda va himoyachi uchun eng muhim bo‘lgan tajriba, pozitsiya tanlash, vaziyatni oldindan his qilish kabi jihatlar yillar davomida yanada pishib boradi.

E’tiborlisi, “Manchester Siti” murabbiylar shtabi Husanovning rivojlanishi ustida jiddiy ish olib borayotgani maydonda ham sezilmoqda. Manchesterga kelganidan beri uning o‘yinida aniq o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. U to‘p bilan xotirjamroq harakat qilyapti, hujumni boshlashda faolroq qatnashyapti, oldinga chiqish va uzoq paslar berishda ancha dadillashdi.

Keyingi uchrashuvlarda Abduqodirning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortgani ham yaqqol ko‘rinmoqda. U faqat himoyada to‘pni qaytarish bilan cheklanib qolmayapti, balki “Siti” o‘yin tizimiga mos ravishda to‘pni nazorat qilish, hujumni pastdan qurish va raqib yarim maydoniga pas yetkazishda ham faol ishtirok etmoqda.

Joriy mavsumda Husanov barcha musobaqalarda 37 ta o‘yinda maydonga tushdi. U himoyadagi ishonchli harakatlari bilan ajralib turdi va butun mavsum davomida bor-yo‘g‘i ikki marta sariq kartochka oldi. Bu ham uning ehtiyotkor, sovuqqon va intizomli himoyachi ekanini ko‘rsatadi.

Qisqasi, Abduqodir Husanov katta futbolda o‘z yo‘lini ishonch bilan davom ettirmoqda. U allaqachon e’tirofga sazovor bo‘ldi, ammo hali o‘sish uchun joy ko‘p. Tezlik va kuch bor, endi yanada ko‘proq pozitsion aql va vaziyatni oldindan o‘qish qo‘shilsa, Husanov “Siti” himoyasida yanada katta darajaga chiqishi mumkin. Bu endi potensial emas, real jarayon.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.