Dani Olmo Dro Fernandesning PSJga ketishiga munosabat bildirdi

“Barselona” yarim himoyachisi Dani Olmo Dro Fernandesning fransuzning “PSJ” klubiga o‘tib ketgani haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Olmo futbolchining qaroriga turlicha omillar ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi: “Har kimning o‘z sababi bor. O‘sha paytda mening ham o‘z sabablarim bo‘lgan, Droda esa o‘ziniki. Yakunda bu juda achinarli, chunki klub unga katta umid bog‘lagandi. U allaqachon jamoa mashg‘ulotlari va o‘yinlarida qatnashib kelayotgandi. Biz unga faqat omad tilaymiz”, — deya Olmoning so‘zlarini Barca Universal keltiradi.
18 yoshli hujumkor yarim himoyachi Dro Fernandes “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa safida beshta uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatma amalga oshirgan.
26 yanvar kuni Fernandes “Barselona”dan “PSJ”ga ko‘chib o‘tdi va parijliklar bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.













