Krishtianu Ronaldu jarohatdan to‘liq sog‘ayib maydonga qaytdi

Portugaliya milliy terma jamoasi va Saudiyaning «An Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu orqa son mushaklari jarohatidan to‘liq tiklanib, maydonga qaytdi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano va ispan nashri Marca xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik yulduz 28 fevralda Saudiya chempionati doirasidagi «Al Fayha»ga qarshi (3:1) uchrashuvda jarohat olgan va bellashuv yakunida maydonni tark etishga majbur bo‘lgan.
Shundan so‘ng Ronaldu reabilitatsiya uchun Madridga yuborildi va shaxsiy fizioterapevt yordamida tiklanish kursini olib bordi. Jarohat tufayli u «An Nasr»ning chempionatdagi bir qator o‘yinlarini o‘tkazib yubordi hamda Portugaliya milliy jamoasining Meksika (0:0) va AQSHga (2:0) qarshi o‘rtoqlik bahslarida ishtirok etmadi.
Endi Ronaldu nafaqat Saudiyadagi klubiga titul uchun kurashda yordam beradi, balki 2026 yilgi Jahon chempionatida ham maydonga chiqishi kutilmoqda. Portugaliya K guruhidan Kolumbiya, Kongo DR va O‘zbekiston bilan o‘rin olgan.
Joriy mavsumda Ronaldu Saudiya Proligasida 22 ta o‘yinda 21 ta gol urdi. U butun faoliyati davomida 965 marta gol urgan va 1000 ta gol rekordiga erishish uchun kurashni davom ettirmoqda.













