SpaceX IPO arizasi: Elon Musk, sunʼiy intellekt va Starship rejalari

Elon Musk tomonidan 24 yil avval asos solingan SpaceX aerokosmik kompaniyasi nihoyat oʻzining IPO (aksiyalarni ommaviy joylashtirish) arizasini eʼlon qildi. Kompaniya birjaga chiqqanidan soʻng ham Musk uning markazida bosh direktor (CEO), texnik direktor (CTO) va direktorlar kengashi raisi sifatida qoladi. Chorshanba kuni bozorlar yopilgandan keyin eʼlon qilingan hujjatlar SpaceX shunchaki qayta foydalaniladigan raketalar ishlab chiqaruvchisi emas, balki sunʼiy intellekt va sunʼiy yoʻldoshlar bilan shugʻullanuvchi yirik texnologik konglomeratga aylanganini koʻrsatmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya joriy yil oxirida Nasdaq birjasida “SPCX” tikeri ostida savdoga chiqishi kutilmoqda. Bu tarixdagi eng yirik IPO boʻlishi prognoz qilinmoqda: kompaniya 75 milliard dollar mablagʻ jalb qilishni koʻzlagan, uning umumiy qiymati esa 1,75 trillion dollarga baholanishi mumkin. Hozirda dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasi maqomini 5,4 trillion dollarlik bozor kapitallashuvi bilan NVIDIA egallab turibdi.
S-1 shaklidagi hisobot SpaceX biznesining moliyaviy holatini ham ochiqladi. 2025-yilda kompaniya 18 milliard dollardan ortiq daromad koʻrgan boʻlsa-da, 4,9 milliard dollar zarar koʻrgan. Daromadning yarmidan koʻprogʻini (taxminan 11 milliard dollar) Starlink sunʼiy yoʻldosh interneti taʼminlagan. Shuningdek, Elon Musk tomonidan asos solingan va yaqinda SpaceX tarkibiga qoʻshilgan xAI kompaniyasi ham katta xarajatlar talab qilmoqda. 2025-yilda SpaceX oʻz kapital xarajatlarining 60 foizini (taxminan 20 milliard dollar) aynan sunʼiy intellekt boʻlimiga yoʻnaltirgan.
SpaceX oʻz kelajagini Starship ogʻir raketasining muvaffaqiyatiga bogʻlamoqda. Kompaniya ushbu raketa yordamida 2026-yilning ikkinchi yarmidan boshlab orbitaga yuk yetkazib berishni va Starlink sunʼiy yoʻldoshlarini uchirishni rejalashtirgan. Shuningdek, arizada insoniyat tarixidagi eng yirik bozor imkoniyati — 28,5 trillion dollarlik potensial haqida soʻz boradi, shundan 22,7 trillion dollari aynan sunʼiy intellektning korporativ ilovalariga toʻgʻri kelishi taʼkidlangan.













