Amazon raqobatchisi Stord 3 milliard dollar qiymat bilan 250 million dollar jalb qildi

Elektron tijorat logistikasi bilan shugʻullanuvchi Stord kompaniyasi 3 milliard dollarlik baholash asosida 250 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilganini eʻlon qildi. Bu koʻrsatkich kompaniyaning oʻtgan yilgi qiymatidan ikki baravar koʻpdir. Yangi moliyalashtirish bosqichiga Strike Capital boshchilik qildi, shuningdek, Kleiner Perkins, Founders Fund, Franklin Templeton, Baillie Gifford, G Squared va Bond kabi fondlar ishtirok etdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Stord kompaniyasiga 2015-yilda Georgia Tech talabalari boʻlgan Sean Henry (bosh direktor) va Jacob Boudreau (texnik direktor) tomonidan asos solingan. Pandemiya davridagi venchur kapitali oqimi natijasida startap 2021-yilda "unshox" (unicorn) maqomiga erishgan edi. Keyinchalik bozordagi pasayishlarga qaramay, kompaniya 2025-yilda Strike Capital boshchiligidagi 200 million dollarlik raundni yakunlab, oʻz qiymatini 1,5 milliard dollarga yetkazgan edi.
Bugungi kunga kelib Stord jami 775 million dollar atrofida mablagʻ toʻpladi. Kompaniya elektron tijorat brendlari uchun jismoniy omborlar tarmogʻi va inventarlarni boshqarish dasturiy taʻminotini taklif etadi. U oʻzini Amazon tizimiga muqobil sifatida koʻrsatib, brendlarga mijozlar bilan bevosita aloqani saqlab qolgan holda raqobatbardosh tezlikni taqdim etadi.
Sunʻiy intellekt davrida Atlanta shahrida joylashgan ushbu startap yana eʻtibor markaziga tushdi. Ayniqsa, dasturiy taʻminotga AI interfeysi qoʻshilgach, uning nufuzi oshdi. Yaqinda aprel oyida boʻlib oʻtgan Google Cloud Next konferensiyasida Google texnologik giganti Stord faoliyatini alohida eʻtirof etdi.













