Haier vazni 2 kg dan kam boʻlgan titan va suyuq materialli ekzooskeletni taqdim etdi

Haier kompaniyasi sunʼiy intellekt bilan jihozlangan yangi robotlashtirilgan ekzooskeletni namoyish etdi. Haier W3 modeli toʻliq uglerod tolasi va titan qotishmasidan ishlangan boʻlib, uning vazni bor-yoʻgʻi 1,75 kg ni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich sohada yangi rekord sifatida qayd etildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Haier W3 qurilmasida zarba yuklamalarini samarali yumshatish va boʻgʻimlarni himoya qilish uchun nenyuton suyuq materiallaridan foydalanilgan. Nenyuton suyuqligi oʻziga xos xususiyatga ega boʻlib, uning qovushqoqligi taʼsir kuchi yoki tezligiga qarab oʻzgaradi. Keskin zarba paytida u qattiq holatga oʻtadi, sekin taʼsir koʻrsatilganda esa odatiy suyuqlik kabi harakatlanadi.
Mazkur qurilma 3.0 versiyasidagi sunʼiy intellektga asoslangan yurishni tahlil qilish algoritmi va koʻp oʻlchovli datchiklar bilan jihozlangan. Bu tizim foydalanuvchining harakatlanish niyatini millisekundlar ichida aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, Haier W3 kundalik sportning 12 turiga intellektual moslasha oladi va avtomatik ravishda optimal yordam rejimini tanlaydi.
Texnik imkoniyatlariga koʻra, ekzooskelet ikkita yuqori momentli dvigatel va akkumulyator bilan taʼminlangan. U har bir oyoqqa 16 N·m gacha yordamchi kuch beradi, natijada yuklamani 5 kg ga kamaytiradi va tananing energiya sarfini 37 foizgacha tejashga yordam beradi.













