“Sherif” futbolchilari maydonda mushtlashdi

“Sherif” futbolchilari maydonda mushtlashdi
Moldova chempionatining navbatdagi turida Chempionlar ligasi qahramonlari – “Sherif” futbolchilari milliy chempionatdagi asosiy raqobatchilaridan biri – “Milsami” futbolchilari bilan kuch sinashdi.

Muhim uchrashuvda tiraspollik futbolchilar kichik hisobda g‘alaba qozondi. Bu mezbonlarning chempionatdagi birinchi mag‘lubiyati bo‘ldi.

Bellashuvning ikkinchi bo‘limida maydonda mojaro yuz berdi. “Milsami” o‘yinchisi Igor Lambarskiy “Sherif” legioneri Emond Addoning oyog‘iga atayin tepdi. Orqadan berilgan zarbaga chiday olmagan afrikalik futbolchi raqibining yuziga musht tushirdi.

Shundan so‘ng, janjalga boshqa o‘yinchilar ham qo‘shilib ketdi. Tiraspolliklar bosh murabbiyi Yuriy Vernidub shogirdlarini ajratish uchun maydonga chiqishga majbur bo‘ldi. Uchrashuv hakami raqibini urgan Addoga qizil kartochka ko‘rsatdi. Lambarskiy esa sariq bilan jazolandi. “Sherif” futbolchilar hakamning qarori adolatsiz bo‘lganini iddao qilmoqda. Ularning fikricha, janjal sababchisi bo‘lgan mezbonlar o‘yinchisiga ham qizil kartochka ko‘rsatilishi kerak edi.

“Sherif”dagi hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev jarohati tufayli o‘yinda ishtirok etmadi.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.