Bu moda yana qaytadimi? Yubiley iPhone modeliga kavisli ekran oʻrnatilishi mumkin

Taniqli xitoylik insayder Digital Chat Station taʼminot zanjiridagi manbalarga tayanib, Apple kompaniyasi 2027-yilga qadar iPhone dizaynida jiddiy oʻzgarishlar qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Yangi maʼlumotlarga koʻra, yubiley smartfoni kavisli ekran bilan jihozlanishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Gap klassik "ekran-sharshara" haqida emas, balki korpusning barcha toʻrt tomonidan qayrilgan panel haqida ketmoqda. Avvalroq, kelasi yili chiqadigan yubiley iPhone modeli 1,1 mm qalinlikdagi ramka va toʻrt tomondan yumaloqlangan ekranga ega boʻlishi haqida ham mish-mishlar tarqalgan edi.
Eʼtiborlisi, shunga oʻxshash texnologik yechimlardan soʻnggi yillarda Android smartfon ishlab chiqaruvchilari keng foydalanib kelishgan. Samsung Electronics, Huawei, Vivo va boshqa brendlar kuchli kavisli ekranli qurilmalarni taqdim etgan edi.
Biroq, vaqt oʻtishi bilan sanoat bunday ekranlardan voz kecha boshladi. Tasodifiy bosilishlar, taʼmirlashning murakkabligi va ishlab chiqarish tannarxi yuqoriligi sababli koʻplab kompaniyalar yanada amaliy boʻlgan tekis panellarga qaytishgan edi. Endilikda Apple ushbu trendni qayta tiklashi mumkin.
Maʼlumot oʻrnida, Digital Chat Station avvalroq Xiaomi 15 va Xiaomi 15 Pro xususiyatlarini, shuningdek, Realme GT 7 Pro smartfoni yorqin Samsung ekrani bilan chiqishini hamda Dimensity 9400 chipi Snapdragon 8 Eliteʼdan oldinroq taqdim etilishini aniq bashorat qilgan edi.













