Nokia oʻrnini bosuvchi HMD Thunder Pro: Kuchli kamera va 3,5 mm konnektor

Insayderlar avvalroq Nokia brendi ostida smartfonlar chiqargan HMD Global kompaniyasining yangi mahsuloti — HMD Thunder Pro haqidagi maʼlumotlarni ochiqladi. Ushbu qurilma brendning yangi turkumidagi ilk vakili boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfon 6,67 dyuymli, FHD+ aniqlikdagi va 90 Gs yangilanish chastotasiga ega OLED-displey bilan jihozlanadi. Qurilmaning unumdorligi uchun Unisoc T620 protsessori masʼul boʻlib, u 8 GB tezkor xotira va 256 GB hajmli UFS 2.2 doimiy xotira bilan toʻldiriladi.
Kamera imkoniyatlariga kelsak, asosiy modul 50 megapikselli optik stabilizatsiya (OIS) tizimiga ega sensor va 8 megapikselli oʻta keng burchakli linzadan iborat. Selfi ishqibozlari uchun esa noodatiy tarzda yuqori aniqlikdagi 50 megapikselli old kamera koʻzda tutilgan.
HMD Thunder Pro zamonaviy funksiyalar bilan birga klassik elementlarni ham saqlab qolgan: unda NFC moduli, 3,5 mm quloqchin konnektori, stereodinamiqlar va IP65 darajasidagi himoya mavjud. Maʼlumotlar avval ham HMD qurilmalari haqida aniq xabarlar bergan smashx_60 insayderi tomonidan taqdim etildi.













