Yaponiya gipertovushli dvigatelni muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazdi

JAXA agentligi gipertovushli yoʻlovchi samolyotini yaratish yoʻlida ulkan qadam tashladi: yapon muhandislari Mach 5 klassidagi toʻgʻri oqimli dvigatelni muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazdilar. Kakuda tadqiqot markazida boʻlib oʻtgan testlar davomida mutaxassislar soatiga taxminan 6100 km tezlikdagi parvozni modellashtirishdi. Bu tovush tezligidan qariyb besh baravar yuqori koʻrsatkichdir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bunday rejimda samolyot qobigʻining harorati deyarli 1000°C darajaga yetadi, bu esa oddiy samolyotlar bardosh bera olmaydigan ekstremal yuklamadir. Yaponiyalik ishlab chiquvchilar ichki tizimlarni xavfsiz harorat oraligʻida saqlab qolishga muvaffaq boʻlishdi — aynan shu natija loyihaning eng muhim texnologik yutuqlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Sinovlarning oʻziga xosligi shundaki, muhandislar nafaqat dvigatelni, balki butun konstruksiyaning kompleks ishlashini tekshirishdi. Tadqiqotchilar korpus boʻylab haroratning taqsimlanishi, chiqindi gazlarning apparat barqarorligiga taʼsiri hamda aerodinamika va tortish kuchi oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni tahlil qilishdi. Loyiha asosini vodorodli toʻgʻri oqimli dvigatel tashkil etadi.
Nazariy jihatdan, Mach 5 tezligida barqaror ucha oladigan samolyot Tokio — Nyu-York yoʻnalishini taxminan 1 soat 45 daqiqada bosib oʻtishi mumkin. Taqqoslash uchun, hatto Boom Overture kabi istiqbolli tovushdan tez uchuvchi laynerlar ham faqat Mach 1.7 tezligiga moʻljallangan. Dasturning navbatdagi bosqichi apparatni raketa-tashuvchi yordamida haqiqiy parvoz sharoitida sinab koʻrishni koʻzda tutadi.













