Xiaomi 17 Max taqdim etildi: 8000 mAs batareya va 200 Mp Leica kamera

Xiaomi kompaniyasi oʻzining yangi flagman smartfoni — Xiaomi 17 Max modelini rasman namoyish etdi. Qurilma eng soʻnggi Snapdragon 8 Elite Gen5 platformasida ishlaydi va 6,9 dyuymli, 2K aniqlikdagi ulkan OLED ekranga ega boʻldi. Displeyning maksimal yorqinligi 3800 nitni tashkil etadi, 3840 Gs chastotali ShIM texnologiyasi esa koʻz charchashining oldini oladi. Ekran Dragon Crystal Glass 3.0 himoya oynasi bilan qoplangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfonning asosiy oʻziga xosligi uning 8000 mAs sigʻimli ulkan akkumulyatoridir. U 100 W quvvatli simli va 50 W quvvatli simsiz tezkor quvvatlanishni qoʻllab-quvvatlaydi. Xiaomi oʻtkazgan testlarga koʻra, ushbu model avtonomlik borasida iPhone 17 Pro Max qurilmasidan ikki baravar ustunlikka ega.
Kamera imkoniyatlari ham yuqori darajada: asosiy datchik sifatida 200 megapikselli Samsung HP9 sensori tanlangan. Shuningdek, 50 megapikselli oʻta keng burchakli obʼyektiv va 3 karra optik yaqinlashtirishga ega periskop modul oʻrnatilgan. Old kamera esa 32 megapikselli aniqlikka ega.
Xiaomi 17 Max korpusi IP68 standarti boʻyicha suv va changdan himoyalangan. Qurilma ultratovushli barmoq izi skaneri, Wi-Fi 7, Bluetooth 5.4, stereodinamiklar va NFC moduli bilan jihozlangan. Narxlarga kelsak, 12/256 GB xotirali baza versiyasi 630 dollar, 16/512 GB sigʻimli top talqini esa 780 dollar etib belgilandi. Shuningdek, tadbirda hamyonbop Smart Band 10 Pro fitnes-bilaguzugi ham namoyish etildi.













