Nyu-York meri Zohran Mamdani Twitch orqali aholi bilan muloqot qiladi

Nyu-York shahrining 112-meri Zohran Mamdani yosh saylovchilar bilan aloqa oʻrnatishning eng samarali yoʻli internet ekanligini yaxshi tushunadi. Endilikda u ushbu strategiyani yangi bosqichga olib chiqmoqda. Polygon nashrining xabar berishicha, Mamdani Twitch platformasida “Talk with the People” deb nomlangan muntazam jonli efirlar seriyasini yoʻlga qoʻydi. Ushbu loyiha doirasida mer foydalanuvchilarning savollariga bevosita chat orqali javob beradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Mazkur translyatsiyalar nafaqat Twitch, balki YouTube, TikTok, Instagram, Facebook, X va Bluesky kabi platformalarda ham bir vaqtning oʻzida namoyish etiladi. Bu qadam siyosat va internet oʻrtasidagi oʻzgarib borayotgan munosabatlardan dalolat beradi. Bugungi kunda yosh avlod siyosiy ma’lumotlarni an’anaviy OAVdan koʻra koʻproq strimerlar, podkastlar va ijtimoiy tarmoq faollari orqali qabul qilmoqda.
Twitch soʻnggi yillarda shunchaki geymerlar maydonidan real vaqtdagi siyosiy muhokamalar markaziga aylandi. Masalan, 2020-yilda Alexandria Ocasio-Cortez yoshlarni saylovga chorlash uchun ushbu platformada Among Us oʻyinini strim qilgan edi. Mamdani oʻz bayonotida ushbu loyiha hukumat va xalq, ayniqsa, uzoq vaqt davomida e’tibordan chetda qolgan yosh avlod oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot liniyasini ochishini ta’kidladi.
Mamdani ushbu tashabbusini Franklin D. Roosevelt’ning mashhur “kamin yonidagi suhbatlari” (fireside chats) bilan qiyoslamoqda. Roosevelt oʻz davrida radio imkoniyatlaridan qanday foydalangan boʻlsa, Mamdani ham zamonaviy texnologiyalar orqali hukumat va jamoatchilik oʻrtasidagi masofani qisqartirishni maqsad qilgan. Merning ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy kuzatuvchilari soni hozirda 15 milliondan oshib ketgan.













