Starship yangi avlodi parvozga tayyor: Raptor 3 dvigatellari va Starlink maketlari

SpaceX kompaniyasi Starship tizimining 12-sinov parvozi 22-mayga oʻtar kechasi amalga oshirilishini eʼlon qildi. Start oynasi Toshkent vaqti bilan soat 03:30 da ochiladi va bir yarim soat davom etadi. Kompaniya parvozni jonli efirda kuzatish uchun maxsus havolani taqdim etdi. Hozircha ob-havo maʼlumotlari parvoz uchun 55 foizlik ijobiy imkoniyatni bashorat qilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu butunlay yangilangan Starship va Super Heavy tizimlarining modernizatsiya qilingan Raptor 3 dvigatellari bilan Starbase kosmodromidagi yangi start maydonchasidan ilk parvozi boʻladi. Missiyaning asosiy maqsadi — tizimning koʻp marta foydalanishga moʻljallangan yangi konstruksion oʻzgarishlarini real parvoz sharoitida sinovdan oʻtkazishdir. Super Heavy tezlatgichi Meksika koʻrfaziga qoʻnishni amalga oshiradi, biroq bu safar konstruksiya jiddiy oʻzgargani sababli uni minoradagi mexanik "tayoqchalar" bilan tutib olish rejalashtirilmagan.
Starship yuqori pogʻonasi orbitaga 20 ta Starlink V3 sunʼiy yoʻldosh simulyatorlarini va ikkita maxsus test yoʻldoshini olib chiqadi. Ushbu qurilmalar parvoz vaqtida kemaning issiqlik himoyasini suratga olishi kerak. SpaceX mutaxassislari korpus shikastlanganda yuklamalarni oʻrganish uchun issiqlik himoya plitalarining bir qismini oq rangga boʻyashgan va hatto bitta plitani ataylab olib tashlashgan.
Shuningdek, koinotda Raptor dvigatelini qayta ishga tushirish va kemaning mustahkamlik chegaralarini tekshirish uchun ekstremal manevrlar rejalashtirilgan. Elon Musk taʼkidlashicha, Starship V3 versiyasining deyarli har bir detali avvalgi sinovlarda qoʻllanilgan V2 modelidan farq qiladi. Bu insoniyat tarixidagi eng ulkan raketaning yangi davrini boshlab berishi kutilmoqda.













