Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari tashrifni Qarshi shahridagi “Alp texno servis” elektrotexnika korxonasi bilan tanishuvdan boshladi. Qayd etilishicha, butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, 2025 yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan. Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qiymati 10 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha elektr texnikasi yo‘nalishida global yetkazib berish zanjirida o‘rin topgan. Korxona xorijiy TSL, Hoffmann brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy Smart brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yo‘naltirilmoqda. O‘tgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

Davlat rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

“Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yo‘l topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab bo‘ladi. Faqat sifat va nomenklatura bo‘yicha o‘sish, raqobatbardosh bo‘lish zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yana bir muhim vazifa — mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutkich, elektr choynak, havo sovitkich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot kotibining ma’lum qilishicha, tashrif davomida sanoat, tibbiyot, turizm, energetika kabi ko‘plab sohalardagi korxonalar faoliyati va mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.