San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlat bo‘ldi

San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlat bo‘ldi
Foto: dunyo.info
Joriy yil 3 fevral kuni O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi protokolni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Mamlakatning Italiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, hujjatni O‘zbekiston tomonidan elchi Otabek Akbarov, San-Marino tomonidan esa ushbu davlatning Italiyadagi elchisi Daniela Rotondaro imzoladi.

Ikki mamlakatda ichki protseduralar o‘tkazilgandan so‘ng, mazkur hujjat kuchga kiradi va San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlat bo‘ladi.

San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat to‘rt tomondan ham Italiya bilan chegaradosh. San-Marino aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha (2020 yil – 56 ming 690 dollar) dunyodagi eng boy mamlakatlardan biridir.

Elchi Daniela Rotondaroning fikriga ko‘ra, ikki mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash hamda kambag‘allikni bartaraf etishda birgalikda ishlashi mumkin.

Shuningdek, u o‘zaro munosabatlarni savdo-iqtisodiy hamkorlik orqali rivojlantirishdan manfaatdorligini qayd etdi. Xususan, elchining so‘zlariga ko‘ra, San-Marino investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish, ikki tomonlama soliqqa tortmaslik to‘g‘risidagi shartnomalarni ishlab chiqish va imzolashga tayyor.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.