Barselona Yevropa qirolichasi: Ewa Pajor va Salma Paralluelo Lyonni tor-mor etdi

Barselona ayollar jamoasi shanba oqshomida oʻzining toʻrtinchi Chempionlar ligasi titulini qoʻlga kiritdi. Osloda boʻlib oʻtgan final bahsida kataloniyaliklar musobaqaning sakkiz karra gʻolibi Lyon ustidan 4:0 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi. Uchrashuv qahramoniga aylangan Ewa Pajor oʻzining oltinchi finalida nihoyat orzusidagi kubokni boshi uzra baland koʻtardi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Oʻyinning birinchi boʻlimida Jonatan Giraldez boshqaruvidagi Lyon faolroq koʻrindi. 14-daqiqada Lindsey Heaps hisobni ochgan edi, biroq VAR aralashuvidan soʻng gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Barselona darvozaboni Cata Coll birinchi boʻlimda bir necha bor seyvlar namoyish etib, jamoasini goldan saqlab qoldi. Tanaffusga qadar hisob ochilmadi.
Ikkinchi boʻlimda Barselona oʻyin tizginini oʻz qoʻliga oldi. 55-daqiqada Patri Guijarroning ajoyib uzatmasidan soʻng Ewa Pajor hisobni ochdi. Lyon muvozanatni tiklashga harakat qilgan boʻlsa-da, Cata Collning ishonchli oʻyini bunga yoʻl qoʻymadi. 69-daqiqada Pajor dublni rasmiylashtirib, jamoasining ustunligini mustahkamlab qoʻydi.
Uchrashuv yakunida Salma Paralluelo oʻz soʻzini aytdi. 90-daqiqada u kuchli zarba bilan darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi. Hakam tomonidan qoʻshib berilgan vaqtda esa Paralluelo Pajorning uzatmasidan unumli foydalanib, yakuniy hisobni 4:0 koʻrinishiga keltirdi. Shu tariqa, Barselona mavsumdagi toʻrtinchi sovrinini qoʻlga kiritib, tarixiy natija qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!