BYD Yuan Plus uchinchi avlodi taqdim etildi: 9 daqiqada 87 foiz quvvat

BYD Yuan Plus uchinchi avlodi taqdim etildi: 9 daqiqada 87 foiz quvvat

BYD kompaniyasi oʻzining ommabop Yuan Plus elektr krossoverining uchinchi avlodini rasman namoyish etdi. Tashqi koʻrinishidan keskin oʻzgarmagan boʻlsa-da, avtomobil butunlay yangi platformaga oʻtdi, quvvati va texnologik jihozlanishi sezilarli darajada yaxshilandi. Yangi modelning narxi Xitoy bozorida 120 mingdan 150 ming yuangacha (taxminan 16,5 mingdan 21 ming dollargacha) etib belgilandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Asosiy oʻzgarishlardan biri — orqa uzatmali e-platform 3.0 Evo platformasiga oʻtilganidir. Krossover 200 kW (278 l.s.) yoki 240 kW (326 l.s.) quvvatga ega elektr motorlar bilan jihozlanadi, tortish kuchini taqsimlash uchun esa iTAC 2.0 tizimi masʼuldir. Avtomobilga 57,5 va 68,5 kW·soat sigʻimli ikkinchi avlod Blade (litiy-temir-fosfat) batareyalari oʻrnatilgan boʻlib, ular bir quvvatlanishda 540 va 630 km masofa bosib oʻtish imkonini beradi.

Yangi Yuan Plus oʻta tezkor quvvatlanish texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi: batareyani 10 foizdan 97 foizgacha atigi 9 daqiqada toʻldirish mumkin. Shuningdek, batareya yuqori xavfsizlik va qizib ketishga chidamlilik xususiyatiga ega. Yurish qismi ham modernizatsiya qilingan: old tomonda McPherson, orqada esa mustaqil besh richagli osma oʻrnatilgan. Yunlian-C tizimi esa amortizatorlar qattiqligini real vaqt rejimida boshqarib boradi.

Avtomobil oʻlchamlari kattalashib, uzunligi 4665 mm ga yetdi, bu esa salonning kengayishiga xizmat qildi. Yukxonasi 750 litrni tashkil etadi, qoʻshimcha ravishda old qismda 180 litrli kichik bagaj ham mavjud. Ichki makon butunlay yangilangan: katta ekranli mediasistema, proyeksion displey, yangi rul va 50 W quvvatli simsiz quvvatlagich oʻrnatilgan. Yoʻlovchilar uchun sovutgich va 16 ta dinamikli audiotizim koʻzda tutilgan.

Eng yuqori komplektatsiyada lidar va 30 ta datchik bilan jihozlangan "Xudo koʻzi" (Eye of God) deb nomlangan B-darajali haydovchiga koʻmaklashish tizimi mavjud. Ushbu tizim shahar va trassada avtopilot rejimida harakatlanishni, shuningdek, avtomatik toʻxtash (parkovka) funksiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.