Mutlaqo yangi Lada Azimut krossoverining saloni ilk bor namoyish etildi

AvtoVAZning sobiq muhandisi va taniqli insayder KhaDm yangi Lada Azimut krossoverining seriya oldi nusxasiga tegishli salon suratlarini eʻlon qildi. Tasvirlarda avtomobilning eng yuqori komplektatsiyasi aks etgan boʻlib, unda panoramali tom mavjud. Ushbu texnologiyani joriy etish uchun zavod ishlab chiqarish liniyasini jiddiy modernizatsiya qilgan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Insayderning soʻzlariga koʻra, Lada Azimut salonida yumshoq va teksturali plastikdan foydalanilgan, prototiplardagi qattiq materiallardan voz kechilgan. Barcha tugmalar toʻliq ishchi holatda, multimedia tizimi esa yuqori sezuvchanlikka ega. Detallarning bir-biriga moslanishi va yigʻilish sifati ham sezilarli darajada yaxshilangan.
Lada Azimut B+ klassidagi krossover boʻlib, u Lada Vesta platformasining modernizatsiya qilingan versiyasida qurilgan. Avtomobilning gʻildiraklar bazasi 2675 mm, klirensi 208 mm, oʻlchamlari esa 4416 × 1838 × 1607 mm ni tashkil etadi. Bu model brendning kelajakdagi flagmani va kompaniyaning ilk seriyali krossoveri boʻlishi kutilmoqda.
Dastlabki bosqichda Azimut 1,6 va 1,8 litrli (120 va 132 ot kuchi) atmosfera dvigatellari, mexanik uzatmalar qutisi yoki variator bilan jihozlanadi. Keyinchalik qatorga 1,5 litrli turbomotor va kuchli gibrid versiya qoʻshilishi rejalashtirilgan. Avtomobilning taxminiy narxi komplektatsiyasiga qarab 2,2 milliondan 2,7 million rublgacha boʻlishi aytilmoqda.
Yangi krossoverning seriyali ishlab chiqarilishi 2026-yilning sentyabr oyiga moʻljallangan boʻlib, sotuvlar oʻsha yilning toʻrtinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.













