Toyota zavodlari ulgurmayapti: Kompaniya ilk bor Tayvandan Yaponiya uchun mashina import qiladi

Toyota kompaniyasi Yaponiya ichki bozori uchun moʻljallangan asosiy yengil avtomobillarini Tayvanda ishlab chiqarishni boshlaydi. Buning uchun u yerda maxsus ishlab chiqarish liniyasi tashkil etilib, tayyor mahsulotlarni Yaponiyaga eksport qilish joriy yilning oktyabr oyidan yoʻlga qoʻyiladi. Bu Toyota tarixida oʻzining asosiy modellari uchun xorijda liniya ochib, ularni yana ortga, Yaponiyaga qayta import qilishi bilan bogʻliq birinchi holatdir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tayvanda ishlab chiqariladigan yangi modellar — bir-biriga yaqin boʻlgan Noah va Voxy minivenlaridir. Ushbu modellarning har biri Yaponiyada yiliga 70 000 dan 80 000 donagacha sotiladi va brendning eng xaridorgir avtomobillari sirasiga kiradi. Hozirda ushbu mashinalarga talab juda yuqori boʻlib, yetkazib berish muddati baʼzan bir yildan oshib ketmoqda, hatto buyurtmalar bekor qilinishi holatlari ham kuzatilgan.
Toyota rahbariyati Tayvanning shimoliy qismidagi qoʻshma korxonada yangi investitsiyalar va mavjud uskunalarni modernizatsiya qilish hisobiga yiliga 100 000 dona avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu hajm Noah va Voxy modellarining Yaponiyadagi umumiy savdosining deyarli 70 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, Yaponiyaning oʻzidagi zavodlar ham toʻliq quvvatda ishlashda davom etadi.
Kompaniya prezidenti hozirgi yetkazib berishdagi uzilishlarni "gʻayritabiiy va inqirozli holat" deb atadi. Uning fikricha, uzoq kutilish muddati mijozlarning boshqa avtoishlab chiqaruvchilarga oʻtib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Hozirda Toyota Yaponiya yengil avtomobillar bozorining 50 foizdan ortigʻini egallab turibdi va 2025-yilga borib mamlakat ichida 3,27 million dona avtomobil ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Honda kompaniyasi ham elektromobillarni xorijdan Yaponiyaga qayta import qilish amaliyotini qoʻllagan birinchi yapon brendi boʻlgan edi. Toyota ham ushbu strategiya orqali ichki bozordagi taqchillikni yumshatishga umid qilmoqda.













