Germaniya Lada bilan xayrlashdi: Importyor 50 yillik faoliyatidan soʻng yopildi

Germaniya Lada bilan xayrlashdi: Importyor 50 yillik faoliyatidan soʻng yopildi

Germaniyadagi Lada avtomobillarining rasmiy importyori — Lada Deutschland GmbH kompaniyasi oʻz faoliyatini toʻxtatdi va bankrotlik jarayonini boshladi. Yarim asrdan ortiq vaqt davomida nemis bozorida faoliyat yuritgan kompaniya yangi investor topa olmagani sababli biznesini yakunlashga majbur boʻldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Kompaniyaning inqirozi bir necha yil avval boshlangan edi. 2019-yilda Yevropa Ittifoqining ekologik talablari qatʻiylashgani sababli Lada modellarini Yevropaga yetkazib berish rasman toʻxtatilgan edi. Shundan soʻng importyor past narx va oʻziga xos talabga tayanib, Niva yoʻltanlamaslarini (Lada 4×4 va Taiga nomlari ostida) muqobil yoʻllar bilan olib kirish orqali bozorda qolishga urindi.

Biroq 2022-yildan keyin vaziyat keskin yomonlashdi: sanksiyalar va logistika zanjirlarining uzilishi Rossiyadan avtomobil va ehtiyot qismlar yetkazib berishni butunlay toʻxtatib qoʻydi. Bu esa biznesning barqaror modelini yoʻqqa chiqardi. Kompaniyaning JAC Motors va Dayun kabi Xitoy brendlariga yoʻnalishni oʻzgartirishga boʻlgan urinishlari ham kutilgan natijani bermadi.

Statistikaga koʻra, 2024-2025-yillarda Germaniyada Lada sotuvi yiliga bir necha oʻntagacha tushib ketdi, holbuki avvalgi davrlarda bu koʻrsatkich mingdan ortiqni tashkil etardi. Qiziqarli jihati shundaki, aynan ushbu kompaniya 1990-yillarda Kia brendining Germaniya bozoriga ilk bor kirib kelishiga sababchi boʻlgan edi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.