Yangi Volga modellari narxi eʼlon qilindi: Sotuvlar iyun oyida boshlanadi

Volga kompaniyasi sotuvlar boshlanishi arafasida oʻzining yangi avtomobillar liniyasi uchun narxlarni ochiqladi. Bozorga bir vaqtning oʻzida uchta model — Volga C50 sedani hamda Volga K40 va Volga K50 krossoverlari chiqadi. Ishlab chiqaruvchi yangi modellarda zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik tizimlariga alohida urgʻu bergan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Liniyadagi asosiy sedan — Volga C50 modeli 2,0 litrli, 150 yoki 200 ot kuchiga ega turbomotor, old privod va 7 pogʻonali robotlashgan uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Ushbu modelning narxi 2,9 million rubldan boshlanadi. Volga K40 krossoveri esa 1,5 va 2,0 litrli dvigatellar, old yoki toʻliq privod hamda 8 pogʻonali avtomat uzatmalar qutisi bilan taklif etiladi. Uning boshlangʻich narxi 2,75 million rubl etib belgilangan.
Flagman hisoblangan Volga K50 modeli 238 ot kuchiga ega 2,0 litrli dvigatel, toʻliq privod va 8 pogʻonali avtomat transmissiya bilan taʼminlangan. Mazkur krossoverning narxi 4,2 million rubldan start oladi. Avtomobillarga 5 yil yoki 150 ming kilometr masofa uchun rasmiy kafolat berilishi maʼlum qilindi.
Yangi avtomobillar yuqori darajadagi qulayliklar bilan jihozlangan. Xususan, salonda 12 ta dinamikli akustik tizim, haydovchi va yoʻlovchi oʻrindiqlari uchun massaj hamda xotira funksiyasi, ventilyatsiya tizimi mavjud. Shuningdek, haydovchiga yordam beruvchi elektron assistentlar va ikkinchi qator oʻrindiqlarini elektr yordamida sozlash imkoniyati koʻzda tutilgan.













