“Qizimni sotsam, oilamni to‘rt yil boqaman”— afg‘onistonlik ota

“Qizimni sotsam, oilamni to‘rt yil boqaman”— afg‘onistonlik ota

Afg‘onistonning G‘ur viloyatida yashovchi bir erkak oilasini tirik saqlab qolish uchun 7 yoshli qizini sotishga majbur bo‘layotganini aytdi. Bu haqda BBC xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistonda hozirda taxminan 4,7 million kishi ocharchilik xavfi ostida yashamoqda. G‘ur viloyati esa bu inqirozdan eng qattiq jabr ko‘rgan hududlardan biri sanaladi.

Abdul Rashid Azimiyning Roqiya va Rohila ismli yetti yoshli egizak qizlari bor. Uning aytishicha, oilasidagi og‘ir iqtisodiy ahvol sabab qizlaridan birini sotish haqida o‘ylashga majbur bo‘lgan.

“Qizlarimni sotishga tayyorman. Men kambag‘alman, qarzga botganman, chorasiz qolganman. Ishdan uyga och, chanqoq va tushkun ahvolda qaytayapman. Bolalarim \'Dada, bizga non bering\', deydi. Lekin men ularga nima bera olaman?”, dedi u.

Abdulning so‘zlariga ko‘ra, u qizlarini turmushga berish yoki uy ishlari uchun sotishga rozi bo‘lgan.

“Qizimni sotsam, oilamni to‘rt yil boqaman”— afg‘onistonlik ota

“Bir qizimni sotsam, qolgan farzandlarimni kamida to‘rt yil ta’minlay olaman. Bu qaror yuragimni ezadi, ammo boshqa yo‘l ko‘rmayapman”, deydi u.

Qizlarning onasi Kayxan esa oilaning ahvoli nihoyatda og‘irligini aytdi.

“Biz faqat non va qaynoq suv bilan kun ko‘ryapmiz. Hatto choy ham yo‘q”, deydi u.

Maqolada ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda o‘g‘il bolalar kelajakda oilaning boquvchisi sifatida qaraladi. Shu sababli iqtisodiy qiyinchilikka uchragan ayrim oilalar qiz farzandlarini sotishga yoki erta turmushga berishga majbur bo‘lmoqda. “Tolibon” tomonidan ayollar ta’limi va ishlashiga qo‘yilgan cheklovlar bu muammoni yanada kuchaytirgan.

Shuningdek, mamlakatda nikoh paytida qizning oilasiga qalin puli berish an’anasi ham saqlanib qolgan. Abdul va Kayxanning o‘smir yoshdagi ikki o‘g‘li shaharda poyabzal tozalash bilan shug‘ullansa, yana biri chiqindi yig‘ib yuradi.

Maqolada yana bir afg‘onistonlik erkak — Said Ahmadning qismati ham keltirilgan. U besh yoshli qizi Shayqani kasallik sabab sotishga majbur bo‘lganini aytgan.

“Qizim appenditsit va jigar o‘simtasi bilan og‘rib qoldi. Uni davolatish uchun mablag‘im yo‘q edi. Shu bois uni qarindoshimga sotdim”, deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, Shayqaning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tgan. Qiz 200 ming afg‘oniy — (taxminan 3 200 dollar) sotilgan va ushbu mablag‘ davolanish xarajatlariga sarflangan.

Saidning aytishicha, qiz hozircha oilasi bilan qolgan, ammo besh yildan keyin u qarindoshining o‘g‘liga turmushga chiqishi uchun ularning uyiga ketishi kerak bo‘ladi.

“Qizimni sotsam, oilamni to‘rt yil boqaman”— afg‘onistonlik ota

“Agar pulim bo‘lganida, hech qachon bunday qaror qabul qilmasdim. Ammo operatsiya bo‘lmasa, qizimdan ayrilib qolishim mumkin edi”, deydi u.

Hozirda Afg‘onistonda voyaga yetmagan qizlarni turmushga berish holatlari keng tarqalgan. “Tolibon” hukumati tomonidan qizlar ta’limiga qo‘yilgan taqiqlar bu vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda Afg‘onistonga kelayotgan xalqaro gumanitar yordam hajmi o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga qisqargan. AQSH va boshqa yirik donor davlatlar yordamni keskin kamaytirgani mamlakatdagi gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.