“Soxta zebra”lar shov-shuvga sabab bo‘ldi

Qozog‘istonda noodatiy manzara ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Olmaota viloyatidagi Turgen darasi yaqinida yo‘l bo‘yida yurgan “zebralar” aks etgan video tezda internetda tarqalib, ko‘plab foydalanuvchilarni hayratda qoldirdi.
Dastlab bu hayvonlar haqiqiy zebra sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, keyinchalik ularning aslida oq eshaklar ekani ma’lum bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, hayvonlarning egasi sayyohlar e’tiborini tortish maqsadida eshaklarni maxsus xavfsiz bo‘yoqlar yordamida zebra ko‘rinishiga keltirgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda turlicha fikrlarni keltirib chiqardi. Ba’zilar buni ijodiy va qiziqarli g‘oya sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar esa hayvonlarga nisbatan bunday munosabatni tanqid ostiga oldi.
Holat yuzasidan viloyat politsiyasi tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hayvonlarning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetmagan, ammo masala bo‘yicha yakuniy xulosa keyinchalik e’lon qilinishi kutilmoqda.













