40 yil sukut saqlagan “Lunoxod” yana signal yubordi

Lunoxod-1 1971 yilda aloqasi uzilganidan so‘ng yana olimlar diqqat markaziga tushdi. Oy yuzasida qolib ketgan sovet apparatidan kutilmagan tarzda signal qayd etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda SpaceDaily xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, Lunoxod-1 1970 yil noyabr oyida Luna-17 doirasida Oyga yetkazilgan. Dastlab apparat qisqa vaqt ishlashi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, u qariyb bir yil davomida faoliyat olib borib, Oy yuzasida 10,5 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tgan va Yerga ko‘plab fotosuratlar hamda ilmiy ma’lumotlarni yuborgan.
Apparat bilan aloqa 1971 yil kuzida butunlay yo‘qolgan. Vaqt o‘tishi bilan olimlar unga o‘rnatilgan lazer qaytargichdan ham foydalana olmay qolgan, chunki “Lunoxod-1”ning aniq joylashuv nuqtasi noma’lum bo‘lib qolgan edi.
Vaziyat 2010 yilda o‘zgardi. Amerikaning Lunar Reconnaissance Orbiter Oy yuzasining batafsil tasvirlarida apparatni aniqladi. Shundan keyin tadqiqotchilar “Lunoxod” tomon lazer impulsi yuborib, kuchli javob signaliga ega bo‘lishdi.
Olimlar ta’kidlashicha, sovet apparatidagi lazer qaytargich hatto Lunoxod-2nikidan ham samarali chiqqan. Ilk o‘lchovlarda apparat taxminan 2 ming fotonni qaytargani aniqlangan. Bu esa avvalgi 750 fotonlik rekorddan ancha yuqori natija sifatida baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday lazer o‘lchovlari Yer va Oy o‘rtasidagi masofani yuqori aniqlikda hisoblash, shuningdek, Oy harakati va uning ichki tuzilishini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.













