Fransiyani kuydirgan anomal issiq o‘limlarga sabab bo‘ldi

Fransiyani kuydirgan anomal issiq o‘limlarga sabab bo‘ldi

Eyfel minorasi yaqinida ishchi odamlarga suv purkamoqda.

Fransiyada kuzatilayotgan keskin issiq havo oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi. Mamlakatning bir qator hududlarida harorat may oyi uchun rekord darajaga yetib, aholi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning besh nafari suvda cho‘kib ketgan bo‘lsa, yana ikki kishi ochiq havoda tashkil etilgan sport tadbirlari paytida vafot etgan. Shuningdek, o‘nlab fuqarolar sog‘lig‘i yomonlashgani sabab shifoxonalarga olib ketilgan. Ayrim bemorlarning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Météo-France ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat janubi-g‘arbidagi ayrim hududlarda havo harorati 37 darajadan oshib ketgan. Bu esa Fransiyada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq may kunlaridan biri sifatida qayd etildi.

Anomal issiq faqat Fransiya bilan cheklanib qolmayapti. Buyuk Britaniyada ham harorat rekord darajaga chiqqan. Ispaniyada esa sinoptiklar 40 darajagacha issiq bo‘lishini prognoz qilmoqda. Italiyaning ayrim hududlarida ochiq osmon ostida ishlashga cheklovlar joriy etilgan.

Mutaxassislar bu holatni iqlim o‘zgarishi va Afrika tomondan kelgan issiq havo oqimi bilan izohlamoqda. Ularga ko‘ra, Yevropa ustida hosil bo‘lgan “issiq gumbazi” yuqori haroratning uzoq saqlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Ekspertlar kelajakda bunday issiq to‘lqinlari yanada tez-tez takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ayni paytda, jahon prognoz markazlari O‘zbekistonda ham bu yil yoz fasli odatdagidan issiqroq bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.