BTC Prague 2026: Yevropaning eng yirik Bitcoin konferensiyasi kengaymoqda

2026-yilning 11-13-iyun kunlari Chexiya poytaxtida Yevropaning eng nufuzli Bitcoin tadbiri — BTC Prague oʻzining toʻrtinchi mavsumini oʻtkazadi. PVA Expo Prague majmuasida boʻlib oʻtadigan ushbu anjumanda 8 500 dan ortiq tadbirkorlar, dasturchilar, investorlar va kripto olamiga endigina qadam qoʻygan qiziquvchilar jam boʻlishi kutilmoqda. Bu yilgi dastur nafaqat texnik masalalarni, balki Bitcoin hamjamiyati orasida ommalashgan salomatlik, bioxaking, moliyaviy suverenitet va AI kabi mavzularni ham qamrab oladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Konferensiya doirasida toʻrtta alohida sahnada maʼruzalar, panellar va munozaralar tashkil etiladi. Tadbirning muhim qismlaridan biri boʻlgan Freedom Tech Summit ochiq kodli dasturiy taʼminot va maxfiylik texnologiyalari boʻyicha innovatsion vorkshoplarni taqdim etadi. Shuningdek, Lobkowicz Palace saroyida oʻtadigan Bitcoin Corporate Day tadbiri yirik bankirlar, korporativ moliya rahbarlari va institutsional investorlar uchun eksklyuziv muloqot maydoniga aylanadi.
BTC Prague Expo koʻrgazmasida 100 dan ortiq kompaniyalar oʻz mahsulotlarini namoyish etadi. Tashrif buyuruvchilar apparat hamyonlar (hardware wallets), mayning qurilmalari, xavfsizlik vositalari va taʼlim platformalari bilan tanishishlari mumkin. Tadbirning VIP mehmonlari uchun Michelin yulduzi darajasidagi taomlar va maxsus xizmatlar koʻrsatiladigan alohida hududlar ajratilgan.
Praga shahri Bitcoin tarixida muhim oʻrin tutadi — aynan shu yerda ilk mayning hovuzlari va apparat hamyonlari yaratilgan. Markaziy Yevropadagi qulay joylashuv, rivojlangan infratuzilma va kuchli mahalliy kripto-hamjamiyat BTC Prague 2026 tadbirini jahon miqyosidagi eng muhim iqtisodiy va texnologik festivallardan biriga aylantiradi.










