APK fayllari orqali firibgarlar telefonga qanday kiryapti?

APK fayllari orqali firibgarlar telefonga qanday kiryapti?

So‘nggi vaqtlarda kiberfiribgarlar yangi va juda xavfli usuldan faol foydalanmoqda. Ular turli messenjerlar, ayniqsa Telegram orqali “sud chaqiruvi” kabi jiddiy ko‘rinishdagi xabarlar bilan APK fayllar tarqatib, odamlarni tuzoqqa ilintirmoqda. Bir qarashda oddiy fayldek ko‘ringan bu ilova aslida shaxsiy maʼlumotlaringizni o‘g‘irlash uchun yaratilgan xavfli “kalit” hisoblanadi.

Bu kabi xabarlar inson psixologiyasiga taʼsir qilishga qaratilgan. Chunki “sudga chaqiruv” degan so‘zning o‘ziyoq har qanday odamni xavotirga soladi. Ayniqsa, xabarda ismingiz aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, “men nima qilib qo‘ydim?”, “kim meni sudga berdi?” degan savollar paydo bo‘ladi. Ana shu qiziqish va xavotir tuyg‘usi insonni o‘ylamay APK faylni ochishga undaydi. Aslida esa firibgarlarning asosiy maqsadi ham aynan shu — sizni faylni ochishga majbur qilish.

Muammo shundaki, APK faylni ochish orqali siz o‘z qo‘lingiz bilan telefoningizni begona shaxsga topshirgan bo‘lasiz. Bu fayl o‘rnatilishi bilan qurilmaga zararli dastur joylashadi va kiberfiribgarlar uchun keng imkoniyatlar ochiladi.

Bunday holatda quyidagi xavflar yuzaga kelishi mumkin:

— shaxsiy maʼlumotlaringiz o‘g‘irlanadi;

— akkauntlaringizga ruxsatsiz kirish amalga oshiriladi;

— telefon masofadan turib boshqarilishi mumkin;

— moliyaviy ilovalar orqali pul mablag‘lari yechib olinadi;

— siz nomingizdan yaqinlaringizga ham zararli fayllar tarqatiladi.

Qisqasi, bitta fayl — butun raqamli hayotingizni xavf ostiga qo‘yadi. Shuning uchun manbasi nomaʼlum bo‘lgan har qanday APK faylni ochish yoki o‘rnatishdan qatʼiy voz kechish kerak.

Agar tasodifan shubhali faylni ochib yuborgan bo‘lsangiz, vaqtni yo‘qotmasdan tezkor chora ko‘rish juda muhim. Avvalo, internetni o‘chiring yoki telefonni “samolyot rejimi”ga o‘tkazing. Keyin esa qurilma sozlamalari orqali shubhali ilovani darhol o‘chirib tashlang. Agar muammo saqlanib qolsa, mutaxassisga murojaat qilishni kechiktirmang.

Shuningdek, moliyaviy xavfsizlikni taʼminlash uchun to‘lov ilovalariga kirib, begona qurilmalarni o‘chirib tashlash va kerak bo‘lsa, karta ulangan raqamni almashtirish ham tavsiya etiladi.

Hozirgi raqamli davrda eng katta himoya — bu ehtiyotkorlik. Bir qarashda oddiy fayl orqasida katta xavf yashiringan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir bosishdan oldin bir marta o‘ylab ko‘rish — bugungi kunning eng to‘g‘ri qarori.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.