Urganch tumanida yana bitta noqonuniy qurilma bartaraf qilindi

Majburiy ijro byurosi Xorazm viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud qarorlariga asosan fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan qurilmalarni majburiy buzish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida, yaʼni 1 aprel holatiga amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari natijasida jami 112 ta har xil turdagi noqonuniy qurilmalar buzdirilishiga erishilgan.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining 22.06.2025 yildagi ijro varaqasiga asosan Urganch tumani, “Yuqorido‘rman” qishlog‘i, “Jayxun” mahallasi hududida javobgar S.J. tomonidan noqonuniy egallangan 360,0 kv.metr yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilma javobgar S.J. hisobidan bartaraf qilinishi va yer maydonini o‘z holatiga keltirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Urganch tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi M.Ro‘zmetov tomonidan javobgar S.J.ga noqonuniy qurilmani o‘z hisobidan buzib olishi lozimligi haqida bir necha marotaba tushuntirish va ogohlantirishlar berilgan. Shunga qaramasdan, javobgar tomonidan noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmagan.
Shundan so‘ng, javobgar S.J. sud qarori ijrosini taʼminlamaganligi va davlat ijrochisining qonuniy talabini bajarmaganligi uchun unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunining 82-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, yaʼni 2.060.000 so‘m jarima summasi qo‘llanildi va olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilma bartaraf etildi.













