Intel noutbuk ishlab chiqaruvchilarga oʻz shartlarini oʻtkazmoqda

Nikkei Asia maʼlumotlariga koʻra, Intel kompaniyasi noutbuk va shaxsiy kompyuter ishlab chiqaruvchilarni 18A texnologik jarayoni asosida ishlab chiqarilgan yangi protsessorlarga oʻtishga faol unday boshladi. Buning uchun kompaniya Intel 7 texnologik jarayoniga asoslangan eski chiplar yetkazib berishni bosqichma-bosqich cheklamoqda va hamkorlarini yangi avlod CPU’lariga oʻtishga majbur qilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Gap, birinchi navbatda, yangi avlod noutbuklarida qoʻllanilayotgan Panther Lake va Wildcat Lake liniyalari haqida bormoqda. Buning asosiy sababi Intel ishlab chiqarish quvvatlarini qayta taqsimlayotganidir. Kompaniya Intel 7 chiplarini foyda koʻproq boʻlgan server va sanoat segmentlari uchun zaxira qilmoqda, natijada ommaviy isteʼmol bozori uchun eski protsessorlar yetkazib berish hajmi qisqarmoqda.
Kompyuter ishlab chiqaruvchilari uchun bu murakkab vaziyatni keltirib chiqarmoqda: yoki tezlashtirilgan tartibda yangi 18A protsessorlariga oʻtish, yoki joriy modellar uchun odatiy CPU’lar tanqisligiga duch kelish kerak. Muammo shundaki, bunday oʻtishni bir zumda amalga oshirib boʻlmaydi — yangi qurilmalarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish uchun kamida uch oy vaqt talab etiladi.
Bundan tashqari, Panther Lake va Wildcat Lake protsessorlarining oʻzi qimmatroq, shu sababli yangi noutbuklar narxi ham oshib bormoqda. Vaziyatni bozorning yangi Intel platformalariga nisbatan yuqori talab koʻrsatmayotgani yanada qiyinlashtirmoqda. Koʻpgina OEM ishlab chiqaruvchilari 18A chipli noutbuklarni xaridorlar qiziqishi tufayli emas, balki Intel bilan hamkorlik aloqalarini saqlab qolish uchun chiqarishgan.
Hozirda Intel uchun 18A ishlab chiqarish hajmini oshirish strategik ahamiyatga ega. Protsessorlar qancha koʻp ishlab chiqarilsa, yaroqli kristallar chiqishi shuncha yuqori boʻladi va tannarx pasayadi. Tahlilchilarning fikricha, kompaniya yangi texnologik jarayon orqali faqat 2027-yilga kelib toʻliq foydaga chiqishni rejalashtirmoqda.













