120 Gs ekran va 6000 mAs batareya: HMD Vibe 2 5G smartfoni taqdim etildi

HMD Global kompaniyasi oʻzining eng hamyonbop 5G-qurilmalaridan biri boʻlgan HMD Vibe 2 5G smartfonini rasman namoyish etdi. Yangi model zamonaviy dizayn va oʻz narxiga nisbatan yuqori texnik xususiyatlarni oʻzida mujassam etgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfon 6,75 dyuymli IPS-displey bilan jihozlangan boʻlib, u HD+ aniqlik va 120 Gs yangilanish chastotasini qoʻllab-quvvatlaydi. Qurilmaning unumdorligi uchun Unisoc T8200 protsessori mas’ul boʻlib, u 6 GB gacha tezkor va 128 GB gacha doimiy xotira bilan ta’minlangan.
Kamera imkoniyatlariga toʻxtaladigan boʻlsak, orqa panelda 50 Mp asosiy modul va 2 Mp yordamchi sensor joylashgan. Selfi ishqibozlari uchun esa 8 Mp old kamera koʻzda tutilgan. Smartfonning asosiy ustunligi uning 6000 mAs sigʻimli akkumulyatori boʻlib, u 18 vattli quvvatlash texnologiyasiga ega.
HMD Vibe 2 5G Android 16 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi va ishlab chiqaruvchi ikki yil davomida tizim yangilanishlarini va’da qilmoqda. Qurilma Cosmic Lavender, Nordic Blue va Peach Pink ranglarida sotuvga chiqadi.
Yangi smartfonning narxi taxminan 90 dollardan (9000 hind rupiyasi) boshlanadi. Avvalroq HMD Icon Flip 1 kabi modellar haqida aniq ma’lumot bergan smashx_60 insayderi ushbu gadjetning xususiyatlarini ham toʻgʻri bashorat qilgan edi.













