Spotify kompaniyasi Google’ning NotebookLM xizmatiga raqib ilova chiqardi

Sun’iy intellekt davrida koʻplab kompaniyalar elektron pochta, kalendar va hujjatlarni birlashtirib, matn yoki audio formatda kundalik brifinglar yaratishga eʻtibor qaratmoqda. Spotify ham ushbu trendga qoʻshildi va Studio by Spotify Labs nomli yangi mustaqil desktop ilovasini taqdim etdi. Ushbu vosita foydalanuvchilarga maʻlum bir mavzuni oʻrganish uchun maxsus podkastlar yaratish imkonini beradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi Studio ilovasi internetda qidiruv bera oladigan va shaxsiy maʻlumotlarni toʻplay oladigan maxsus agent bilan jihozlangan. Masalan, u foydalanuvchining elektron pochtasi va ish jadvali asosida shaxsiy podkast yaratishi mumkin. Foydalanuvchilar "Italiya boʻylab sayohatim uchun audio-brifing tayyorla, kalendarimga qarab kunimni rejalashtir va yoʻl uchun podkast tavsiya qil" kabi murakkab soʻrovlarni amalga oshirishlari mumkin.
Barcha sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan podkastlar foydalanuvchining Spotify kutubxonasida saqlanadi va barcha qurilmalarda sinxronlanadi. Muhimi shundaki, bu audiofayllar ommaga ochiq boʻlmaydi, faqat shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan. Kompaniya bu ilova hozircha erta sinov bosqichida ekanligini va AI baʻzida xato maʻlumotlar berishi mumkinligini ogohlantirdi.
Ushbu vosita bir necha yil avval manbalar asosida podkast yaratishni ommalashtirgan Google’ning NotebookLM xizmati bilan raqobatlashadi. Hozirda bunday format Adobe va ElevenLabs kabi kompaniyalar tomonidan ham oʻzlashtirilmoqda. Spotify oʻzining yangi ilovasi orqali nafaqat podkastlar yaratish, balki kelajakda Granola kabi uchrashuvlarni qayd qilib boruvchi notetaker funksiyalarini ham joriy etishi taxmin qilinmoqda.













