Arktika va Sibir uchun eng yirik uchuvchisiz vertolyot yaratilmoqda

Rossiyada Arktika va Sibirning borish qiyin boʻlgan hududlarida foydalanishga moʻljallangan V-700 ogʻir uchuvchisiz vertolyotini ishlab chiqish jarayoni yakunlanmoqda. Bu haqda "Aeromaks" kompaniyalar guruhi matbuot xizmati xabar berdi. Loyiha Rossiya Sanoat va savdo vazirligi koʻmagida "Ikar" jamoasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu vertolyot 700 kilogrammgacha foydali yukni koʻtarish quvvatiga ega boʻlib, undan yuk tashish, yongʻinlarni oʻchirish hamda qidiruv-qutqaruv operatsiyalarida foydalanish rejalashtirilgan. Qurilma ogʻirligi 4 tonnagacha boʻlgan vertolyotlar uchun sertifikatlangan VK-650V rusumli turbovalli dvigatel bilan jihozlangan.
Mahalliy butlovchi qismlarga asoslangan ushbu texnologiya ogʻir uchuvchisiz tizimlarni seriyali ishlab chiqarish imkonini beradi. V-700 platformasi kelajakda yanada murakkab va ogʻir apparatlarni sertifikatlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Rejaga koʻra, 2026-yil yakuniga qadar qurilmaning prototipini yigʻish ishlari yakunlanadi. 2027-yilning boshida esa yangi uchuvchisiz vertolyotning ilk parvoz sinovlari boshlanishi kutilmoqda.













