GeForce RTX 5090 sotib olganga 1 gramm oltin sovgʻa qilinadi

Gigabyte kompaniyasi oʻzining noodatiy dizaynga ega Aorus GeForce RTX 5090 Infinity videokartasini sotuvga chiqardi. Tayvanda ushbu qurilma uchun 5250 dollar miqdorida narx belgilangan boʻlib, xaridorlarni kutilmagan bonus kutmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mahalliy bozorda Gigabyte kompaniyasi 25-maydan 7-iyunga qadar davom etadigan maxsus aksiyani yoʻlga qoʻydi. Ushbu davr mobaynida videokartani xarid qilgan foydalanuvchilarga 999-probali 1 gramm sof oltin sovgʻa qilinadi. Sovgʻani olish uchun xarid chekini taqdim etish kifoya.
Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, oltin quyilmasi oʻrnatilgan maxsus tagliklar soni cheklangan va aksiya zaxira tugaguncha davom etadi. Hozirgi vaqtda 1 gramm oltinning bahosi taxminan 80 dollarni tashkil etadi. 5250 dollarlik videokarta fonida bu ramziy sovgʻa boʻlsa-da, u kolleksionerlar eʼtiborini tortishi aniq.
Mazkur eksklyuziv model Gigabyte kompaniyasining 40 yillik yubileyiga bagʻishlab chiqarilgan. Shuni taʼkidlash joizki, Aorus GeForce RTX 5090 Infinity modeli Asus Matrix yoki MSI Lightning kabi ekstremal overclocking (tezlashtirish) uchun moʻljallanmagan, balki koʻproq premium dizayn va nufuzga urgʻu beradi.













