Durov kodi: Rossiyada VPN va Telegram proksi-serverlari bloklanishi kuchaydi

Rossiyada Telegram uchun moʻljallangan MTProto-proksi xizmatlari ishlamayotgani haqida shikoyatlar keskin koʻpaydi. Mamlakatning turli hududlaridagi foydalanuvchilar va turli aloqa operatorlari mijozlari ushbu muammoga duch kelishmoqda. Koʻplab proksi-serverlar yo uzilishlar bilan ishlamoqda, yoki butunlay ulanishni toʻxtatgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Parallel ravishda foydalanuvchilar VPN-servislar faoliyatidagi nosozliklar boʻyicha ham ommaviy murojaat qilishni boshladilar. Soha mutaxassislarining taxminiga koʻra, regulyatorlar Telegram cheklovlarni aylanib oʻtish va trafikni niqoblash uchun foydalanadigan MTProto-proksi protokollarini bloklashning yangi usulini topgan boʻlishi mumkin.
VPN-servislar uchun ham qoʻshimcha qiyinchiliklar yuzaga keldi. Xosting-provayderlar ayrim tarmoq mexanizmlari, jumladan, Chrome brauzeri fingerpintlari va TCP-RAW protokolining ayrim variantlari bloklanayotgani haqida xabar bermoqda. Ushbu texnologiyalar koʻplab VPN-yechimlar tomonidan trafik filtratsiyasini chetlab oʻtish uchun qoʻllaniladi.
Shunga oʻxshash holat avvalroq ham kuzatilgan edi. Oʻshanda MTProto-proksi xizmatlari ommaviy ravishda ishdan chiqqan, biroq Telegram jamoasi chiqargan yangilanishdan soʻng muammolarning bir qismini bartaraf etishga muvaffaq boʻlingan edi. Hozircha rasmiy idoralar ushbu cheklovlar boʻyicha izoh bermadi.













