Turkiy davlatlar abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzolaydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning Gabala shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘z nutqida qator tashabbuslarni ilgari surdi:
– mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi;
– Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi;
– Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi;
– Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, \"Turkiy yashil yo‘laklar\" tizimi va \"Yashil transformatsiya\" konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;
– Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi;
– O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi;
– Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi;
– Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi\"ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi;
– Ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi;
– 2026-yilda \"Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida\" mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qildi.













