Dorixonalar ortiqcha olingan mablag‘larni aholiga qaytaradi

O‘zbekistonda dori-darmon narxlarini nazorat qilish bo‘yicha tekshiruvlar kuchaytirilmoqda. Ma’lum qilinishicha, narxlarni sun’iy ravishda oshirgan 2 500 ta dorixonaga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Avtomatlashtirilgan monitoring tizimi orqali 686 mingta savdo ustamasi buzilishi holati aniqlangan. Natijada fuqarolar dori vositalari uchun jami 21,1 milliard so‘m ortiqcha to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mablag‘lar iste’molchilarga qaytarilishi belgilangan.
2026 yil mart oyidan boshlab nazorat mexanizmi yanada kuchaytirildi. Agar ulgurji narx belgilangan me’yoriy chegaradan oshib ketsa, soliq organlari hisob-fakturalarni avtomatik ravishda rad etadi. Bu orqali dori vositalarining asossiz qimmatlashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsad qilingan.
Joriy yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha 190 ta dorixonada 1,4 milliard so‘mlik ortiqcha to‘lovlar aniqlangan. Hozirda ushbu mablag‘larni fuqarolarga qaytarish jarayoni boshlangan.
Monitoring tizimi mamlakat bo‘ylab 12,5 mingta chakana savdo shoxobchasida narxlar oshirilishini nazorat qiladi. Bu esa dori-darmon bozorida shaffoflikni kuchaytirish va iste’molchilar huquqini himoya qilishga xizmat qiladi.
Fuqarolar dori vositalarining ruxsat etilgan narxini referent narxlar reyestri orqali tekshirishi mumkin. Agar dorixonada belgilangan narxdan yuqori sotish holatiga duch kelinsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Qisqasi, dorixonalarda narx bilan “o‘ynashish” davri asta-sekin tugayapti. Avtomat tizim nazorat qilyapti, ortiqcha olingan pullar esa aholiga qaytariladi. Dori — biznes, lekin inson salomatligi ustida emas.













