20:10 / 18.02.2023
376

“Nasaf” uchun noqulay sxemada o‘ynasa-da, ko‘ringanidek kuchli bo‘lmagan “Ash-Shabab” o‘yinini tahlil qilamiz

“Nasaf” uchun noqulay sxemada o‘ynasa-da, ko‘ringanidek kuchli bo‘lmagan “Ash-Shabab” o‘yinini tahlil qilamiz
Xabaringiz bor, 19 fevral kuni Qarshining “Nasaf” jamoasi Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak finali doirasida Saudiya Arabistonining “Ash-Shabab” klubi bilan kuch sinashadi. Qatar mezbonlik qilayotgan pley-offdagi raqibimiz qanday jamoa? Qanday uslubdan foydalanadi? “Nasaf”ga nimalar qo‘l kelishi mumkin? Shu va ushbu bahs atrofidagi boshqa muhim savollarga kichik hajmdagi matn bilan javob beramiz.

O‘yin uslubi

Visente Moreno boshchiligidagi “Ash-Shabab” zamonaviy futboldagi ko‘plab trenddagi “fishka”larni o‘zlashtirishga ulgurdi. Avvalgi bosh murabbiy Marius Sumudikadan farqli o‘laroq, Moreno anchagina hujumkor jamoani shakllantirgan. Ispaniyalik mutaxassis vaziyatdan kelib chiqib, transformatsiyaga uchraydigan 4-5-1 sxemasidan foydalanadi. Bir qarashda barchasi oddiydek ko‘rinishi mumkin, ammo to‘p nazorati to‘liqligicha “Shabab” tomoniga o‘tsa, bu sxema o‘z-o‘zidan 4-3-3 ga o‘zgaradi.

NASAF 5 ta himoyachi bilan o‘ynasa raqibning maydondagi joylashuvi

Nasaf 4 ta himoyachi bilan o‘ynasa raqibning maydondagi joylashuvi
Qo‘shimchasiga, markazdagi 3 nafar yarim himoyachining 2 tasi deyarli hujum ortidagi so‘nggi zarba beruvchi ijrochilar pozitsiyasiga chiqib boradi. Soddaroq qilib aytsam, agar to‘p nazorati raqibga topshiriladigan bo‘lsa, “Nasaf” uchun juda katta muammolar tug‘ilishi mumkin. Sifatli legionerlar va kuchli markaziy hujumchi effekti kichik epizodlarda riyodliklarni “ajdarlar”dan bir qadam oldinda bo‘lishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, raqibimiz to‘psiz harakat qilish borasida ham benazir. Bugungi “Ash-Shabab” XXI asrdagi klassik ispancha futbolning zamonaviylashtirilgan ko‘rinishidir. Ya’ni, butun maydon bo‘ylab keng joylashib olib, raqib pressingini yo‘qqa chiqargan holda, jarima maydonchasi ichiga pozitsion hujumlar yordamida qamab tashlashga asoslangan futbol. Juda oddiy falsafa. To‘p bizda bo‘lsa, raqib hech qachon darvozamizni ishg‘ol qila olmaydi.

“Nasaf” bu bahsda yengishi uchun nima qo‘l kelishi mumkin?

Albatta, bizning foydamizga ham bir nechta faktorlar bor. Yuqorida aytib o‘tganimdek, to‘p nazorati Moreno shogirdlari uchun juda muhim. Ular targ‘ib etayotgan futbol shu narsa ustiga qurilgan. Agar “Nasaf” raqibning asosiy quroli – to‘p nazoratini qo‘lga olsa, raqib kamida 50 foiz imkoniyatini namoyish etishdan uyog‘iga o‘tolmay qoladi. To‘g‘ri, bu oson bo‘lmaydi. Boz ustiga, “ajdarlar” 3 ta markaziy himoyachi bilan harakatlanishining ehtimoli yuqori. Bu, katta ehtimol bilan raqib markazda ustunlik qilishini anglatadi. Bunday holatda “ajdarlar” joniga ora kirishi mumkin bo‘lgan eng muhim faktor bu intensiv pressing!

Menimcha, Berdiyev shogirdlari birinchi pasga ega “Ash-Shabab”ni erta pressing bilan raqib darvozasi oldida kutib olmaydi. Imkon qadar maydon markazida bosim uyushtirishga, markazdagi kuchlarni tenglashtirishga urinadi. To‘p qo‘lga kiritilishi bilan esa, imkon qadar uni saqlab qolish va raqibning “Nasaf” yarim maydonidagi futbolchilarini ortga chekinishga majbur qiluvchi pozitsion hujumlarni uyushtirishga harakat qiladi. Bu o‘yinda eng katta rolni “Nasaf”ning qanot himoyachilari ijro etishiga to‘g‘ri keladi. Ular kerakli pallada raqibning tezkor yarim himoyachi hamda vingerlarini ko‘zdan qochirmagan holda, pozitsion hujumlarda oldinga borishi talab etiladi.

Umuman olganda, qarshiliklarni ham ruhan, ham jismonan og‘ir bahs kutib turibdi. Bejizga, “ajdarlar” Turkiyadagi yig‘in doirasida boshqa o‘zbek klublaridan ko‘proq o‘yin o‘tkazgani yo‘q. Ro‘ziqul Berdiyev yig‘in oldidan birinchi navbatda futbolchilarning jismoniy holatini a’lo darajaga keltirish lozimligi haqida aytgandi. To‘p nazoratini xush ko‘ruvchi, kreativ ijrochilar va yuqori saviyadagi markaziy forvardi bor raqibni boshqachasiga to‘xtatishning imkoni yo‘q. “Nasaf” bu jangda g‘olib chiqishni istasa, raqibni uni uslubida taslim etishi shart.

Ya’ni, to‘p nazorati. Buni qo‘lga olish uchun esa, “ajdarlar” maydonda pressing uchun juda katta kuch sarflashiga to‘g‘ri keladi. Qarshiliklar jismoniy tayyorgarlik borasida so‘nggi yillarda xalqaro va ichki maydonda yaxshi taassurot qoldirayotganini inobatga olsak, bu ishni uddalash mumkin. Bugungi “Shabab” “Nasaf” uchun taktik tomondan noqulay bo‘lishi mumkin, ammo “ajdarlar” kuchli pressing evaziga raqibning asosiy qurolini yo‘qqa chiqara olishi hech gap emas. Berdiyev shogirdlari OCHL guruh bosqichida intensiv pressing qilishni a’lo darajada uddalaganini inobatga olsak, bu aspektda jamoamizdan muvaffaqiyat kutishga haqlimiz.

Katta nomlar – yaxlit mexanizm to‘qnashuvi

Darhaqiqat, “Ash-Shabab” – “Nasaf” bahsi zamonaviy futbolda so‘nggi paytlardagi eng katta qarama-qarshilik sanalgan klass va kuchli jamoaviy o‘yin to‘qnashuvi deyish mumkin. Saudiya Arabistoni klubi asosiy urg‘uni tablodagi natijaga ta’sir ko‘rsata oladigan legionerlarga qaratgan bo‘lsa, vakillarimiz "musht bo‘lib tugilgan" kuchli jamoaviy o‘yin va bog‘lamlarning a’lo darajadagi ko‘rinishiga tayanadi. Ikki omil ham zamonaviy futbolda natija bermoqda. OCHL pley-offidagi eng afishabop o‘yin bo‘lmasa-da, bu to‘qnashuvda kontrast bor.

Ya’ni, rang-baranglik. To‘g‘ri, ijrochilar mahorati borasida raqibimiz yaxshi moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lgani bois bizdan oldinda. Shunga qaramay, 11 futbolchining umumiy foydali ish koeffitsiyenti borasida “Nasaf” “Shabab”dan kuchliroq ekanligi ham fakt. Aynan shu omil “ajdarlar”ning OCHL "o‘lim guruhi"dan omon chiqishini ta’minlagani guvohiga aylandik.

Riyodliklar ham o‘zi o‘rin egallagan kvartetda ijrochilar darajasidagi farq sababli ortiqcha qiyinchilikka uchramadi. Bugungi futbolda ayrim eskpertlar klass namoyish etuvchi ijrochilarning mahorati asosiy o‘rinda ekanligini ta’kidlasa, boshqalar kuchli jamoaviy o‘yin istalgan super yulduzning o‘yindan tushib qolishiga sabab bo‘lishini bot-bot takrorlamoqda. Xulosa o‘rinda aytib o‘taman, bu bahs oldidan ikki klub ham o‘z ustunliklariga ega va tomonlar bu “shans”dan qay darajada oqilona foydalana olishi yakuniy natijani belgilab beradi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Nasaf” uchun noqulay sxemada o‘ynasa-da, ko‘ringanidek kuchli bo‘lmagan “Ash-Shabab” o‘yinini tahlil qilamiz