To‘y uchun bobosining medallarini sotishga qaror qildi

O‘zbekistonda bir erkak to‘y qilish maqsadida oilaviy meros sifatida saqlanib kelgan qadimiy buyumlarni sotishga qaror qildi. Gap Ikkinchi jahon urushi davrida bobosiga berilgan uchta tarixiy medal haqida bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu medallar uzoq yillar davomida oilada yodgorlik sifatida saqlab kelingan. Biroq uylanmoqchi bo‘lgani sababli ularni sotish zarurati yuzaga kelgan.
Baholovchilarning dastlabki hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu uchta medalning umumiy qiymati taxminan 150 million so‘mga teng ekani aytilmoqda. Bu esa medallarning nafaqat moddiy, balki tarixiy qiymati ham yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, foydalanuvchilar turlicha fikr bildirishmoqda. Ayrimlar buni og‘ir hayotiy zarurat deb baholasa, boshqalar esa oilaviy merosni pulga almashtirishni tanqid qilmoqda.













